11 Oktyabr 2020 yil 723

Andijonda 2 bosh novvos o‘g‘irlagan mahalladoshlar qo‘lga olindi

Xalqimizda azaldan halollik e'zozlanib kelingan. Ammo egri yo‘ldan yurib, belni og‘ritmasdan jonini kuydirmasdan oson pul topishni izlayotganlar ham  afsuski oramizda uchrab turibdi.

2020 yil 26 sentyabr kunidan 27 sentyabr kuniga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar Qo‘rg‘ontepa tumani, Tadbirkor MFY da yashovchi  fuqaro J.Sh.ning yashash uyi hovlisiga kirish eshigining ochiq qolganligidan foydalanib,  g‘ayriqonuniy ravishda kirishib, molxonasidan unga tegishli umumiy qiymati 12.000.000 so‘mlik jami 2 bosh novvoslarni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashirinishgan.

Mazkur holat yuzasidan Ko‘rg‘ontepa tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergovga kirishilgan.

Qo‘rg‘ontepa tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv ishlari natijasida,  o‘g‘irlik sodir etgan noma'lum shaxslar aniqlanib ushlandilar. Ular 2 bosh novvos egasining mahalladoshlari J.Sh va B.K.lar bo‘lib chiqdi.

J.Sh  va B.K.lar ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi extiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech