7 Yanvar 2021 yil 554

Andijon shahrida sodir etilgan jinoyatga sabab bo‘lgan omillar keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi

2021 yil 3 yanvar kuni soat 23:40 larda Andijon shahrida yashovchi fuqaro Q.I Oltinko‘l tumanida istiqomat qiluvchi T.O bilan arzimas sabab tufayli o‘zaro janjallashgan. Buning oqibatida Q.I yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan T.O.ning qorin qismiga bir marotaba urib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu noxush holatni sodir etgan fuqaroning qilmishi keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi. Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.Tasbayev raisligida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi.

So‘z olganlar tomonidan bugungi kunda ko‘plab oilalarda ota-onalarning farzandlar tarbiyasidagi masʼuliyatsizligi, ularni  tayinli ish bilan shug‘ullanishlarida ko‘makchi bo‘lmayotganliklari, buning oqibatida esa yuqoridagi kabi ayanchli holatlar kelib chiqayotganligi o‘kinch bilan tilga olindi.

Xususan, aksariyat mahallalarda qo‘ni-qo‘shnilar, qarindosh -urug‘larning atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga bepisandlik bilan qarab, ko‘rib-ko‘rmaslikka olayotganliklari, bo‘layotgan holatlarga tomoshabin bo‘lib o‘rganib qolayotganliklari keskin qoralandi. Muhokamada ishtirok etgan fuqarolar ham sodir etilgan bu  noxush holat bo‘yicha o‘z munosabatlarini ochiq oydin bayon etdilar.

Shuningdek, pichoq bilan kimgadir tajovuz qilish muqaddas dinimizda kattiq qoralanishi va erkak kishi uchun katta isnod ekanligi hayotiy misollar orqali fuqarolarga yetkazildi. Bo‘lib o‘tgan bu voqeani muhokamada ishtirok etganlarning barchasi oilasi, qarindosh-urug‘lari, mahalla vakillariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari shart ekanligi qayta-qayta taʼkidlandi.  

Muhokama so‘ngida Andijon shahridagi  mavjud  barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini tub ildizigacha keng jamoatchilik vakillariga yetkazish bo‘yicha sektor rahbarlari, hududiy profilaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, ko‘chaboshilari, oqsoqollari hamda mahalla faollariga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech