2 Aprel 2021 yil 526

Andijon tumanining Sanoat va Sultonobod mahallalarida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” munosabati bilan  amaliy tadbirlar tashkil etildi

Andijon viloyati IIB boshlig‘i tashabbusi bilan Andijon tumanida kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan Sanoat va Sultonobod mahallalarida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish hamda ushbu hududlarda barqaror vaziyatni taʼminlash borasida o‘tkazilishi lozim bo‘lgan aniq maqsadli profilaktik chora tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, ushbu  dasturga asosan 2 ta ishchi guruh tashkil etildi.

2021 yil 01 aprel kuni Andijon tumanida  o‘tkazilgan yo‘riqnomada ishchi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan  aniq vazifalar belgilab olinib, shu kuni ichki ishlar hamda boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bir qator amaliy ishlar olib borildi.

Xususan,  o‘tkazilgan tadbirlar davomida qayta jinoyat sodir etilishini oldini olish maqsadida muqaddam sudlanganlar va Probatsiya hisobida turuvchi fuqarolar bilan profilaktik ishlar amalga oshirilib, ularning muammolari atroflicha o‘rganildi hamda 2 nafarining bandligi taʼminlandi. 

Shuningdek, Sanoat va Sultonobod hududlarida yashovchi oilaviy janjallar oqibatida tazyiq yoki zo‘ravonlikka uchragan  jami 9 nafar  ayolga himoya orderlari topshirildi. Ushbu shaxslarga himoya orderlarining berilishi javobgarlikdan ozod etmasligi, O‘z xatti-harakatlari uchun ularning o‘zi javob berishlari bo‘yicha ham atroflicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Taʼlim muassasalari va aholi o‘rtasida jinoyatlarning oldini olish borasida huquqiy targ‘ibot ishlari  o‘tkazilib,  uchrashuvlar davomida yangi qabul qilinayotgan qonun hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi. Shuningdek, yoshlar va Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, turli yod g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmasliklari, odam savdosi, internetdagi turli firibgarlarning aldovlari, ularning ayanchli oqibatlari, har qanday jinoyatga jazoning muqarrarligi yuzasidan  hayotiy misollar  yordamida tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham olib borildi.

Bandlikka ko‘maklashish markazida korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘yilmaslik, uning salbiy oqibatlari bo‘yicha tushunchalar berilib, markaz xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini yana-da oshirish maqsadida viloyat IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Viloyat IIB terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishi boshqarmasi xodimlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammolari o‘rganilib, ular bilan profilaktik ishlar amalga oshirildi. Shuningdek, odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan tumandagi tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limida ishlovchi xodimlar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, odam savdosi illati inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qiluvchi og‘ir jinoyat ekanligi to‘g‘risida profilaktik tushunchalar olib borildi.

Shuningdek, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan Sanoat va Sultonobod hududidagi taʼlim maskanlarida ilk marotaba O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining “ID” kartasini olish tartibi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazilib, tushunchalar berildi.

Tadbirlar davomida, Sanoat mahallasi aholisi uyushgan xolda, hamjihatlikda, tashkilot xodimlari bilan birgalikda obodonlashtirish ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirishdi. Bunyodkor ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarning ichki yo‘llariga fuqarolarga qulayliklar yaratish maqsadida shag‘al yotqizildi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi shaxslar xolidan xabar olinib, tuman ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi profilaktika inspektorlari tomonidan profilaktik ishlar amalga oshirildi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, ichki ishlar xodimlari tomonidan Sanoat  hamda Sultonobod MFYdagi ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollarga davolanish uchun bepul yo‘llanmalar berildi hamda shu kabi muhtoj xonadonlar, ayrim boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar holidan xabar olinib, muammolari o‘rganildi.

Tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan Andijon tumanidagi Sanoat va Sultonobod mahallalarida jinoyatchilikni barvaqt oldini olish hamda ushbu hududlarda barqaror vaziyatni taʼminlash borasidagi profilaktik ishlar davom ettirilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech