13 Yanvar 2021 yil 613

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni" munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 29 yilligi hamda “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Bayramga xizmat vaqtida halok bo‘lgan xodimlarning yaqinlari hamda ichki ishlar faxriylari taklif etildi.

Tadbir avvalida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Azat Tasbayev so‘z olib, bugungi tinch va farovon hayot zamirida vatan osoyishtaligini taʼminlashga azmu qaror qilgan har bir  ichki ishlar xodimining alohida xizmati borligini taʼkidladi.

Shundan so‘ng, xizmat jarayonida fidoyilik ko‘rsatib, masʼuliyatli vazifasiga sidqidildan yondashayotgan bir guruh xodimlar ko‘krak nishonlari va pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Samimiy tilaklar hamda sho‘x o‘yin kulgi bilan o‘tgan bayram tadbiriga sanʼatkorlarning tashrif buyurishlari o‘zgacha ko‘tarinkilik hamda shod-xurramlik baxshida etdi. Yurtni, istiqlolni madx etuvchi kuy – qo‘shiqlar hamda turli mavzudagi hazillarni o‘zida mujassam etgan chiqishlar tadbir  ishtirokchilariga yana-da zavq ulashdi.

Shu kuni bayram munosabati bilan boshqarma hududidagi “Shon sharaf” muzeyining ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.  Unda qatnashchilar O‘rta Osiyo, xususan, Andijonning qadimgi davlatchilik xavfsizligidan boshlab, bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, hududiy xavfsizlik va xalq osoyishtaligi yo‘lida xizmat qilgan fidoiylar, o‘tgan har bir davrning voqea hodisalarini o‘zida mujassam etgan ko‘rgazmalar bilan tanishdilar.

Neʼmatlar ichida eng buyugi, ardoqlisi tinchlikdir. Ana shunday tinch va osmoni musaffo zaminda yashayotgan hamda uning osoyishtaligiga munosib hissa qo‘shayotgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari xam  mana shunday eʼtibordan ruhlanib ozod va obod yurtimizning porloq kelajagi yo‘lida bor kuch g‘ayratini safarbar etishlari shubhasizdir.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech