22 Iyul 2020 yil 652

Andijon shahrida pichoqbozlik bo‘lgani aks ettirilgan videotasvir bo‘yicha rasmiy munosabat

2020 yil 21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida pichoqbozlik bo‘lgani aks ettirilgan video tasvirlar tarqaldi. Mazkur holat o‘rganilganda, shu  kuni soat 16:30 larda, Andijon shahrida yashovchi,  1967 yilda tug‘ilgan fuqaro S.T Andijon shahar O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan “Bekzod” nomli oshxonaga ovqat olib ketish uchun kelib, shu oshxona ishchisi 1998 yilda tug‘ilgan R.Sh bilan o‘zaro janjallashib ketishgan.

Janjal davomida S.T  shu yerda bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan  fuqaro R.Sh.ning o‘ng ko‘krak qismiga bir marotaba urib tan jaroxati yetkazgan.  Fuqaro S.T. voqea joyidan tashqariga chiqib qochib ketayotgan vaqtida oshxona ishchilari tomonidan kaltaklanib, unga nisbatan ham tan jarohati yetkazilgan. Buning oqibatida R.Sh.  va  S.T.lar kasalxonaga yotqizilgan. S.Tdan ashyoviy dalil sifatida xo‘jalik pichog‘i olingan.

Hozirda  mazkur holat yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari  olib borilmokda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech