22 Iyul 2021 yil 379

“Andijonda it so‘yar shaxs qo‘lga tushgani aytilmoqda” sarlavhali videoxabar yuzasidan rasmiy maʼlumot

2021 yil 21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoxabarlar Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

Maʼlum bo‘lishicha,  joriy yilning 3 iyul kuni Andijon shahri bo‘yicha IIOFMBga Andijon shahar SEO va JSXning 01-672-sonli xati va to‘plangan hujjatlari kelib tushgan.   Unga ko‘ra, SEO va JSX xodimlari tomonidan Andijon shahar O‘zgarish MFYda yashovchi fuqarolar tomonidan kelib tushgan murojaatga asosan, T.Keldiyev ko‘chasi 75 uyda yashovchi fuqaro O.G‘.ning  yashash xonadoni borib o‘rganilganida ushbu fuqaro  xonadonida jami 12 ta it va kuchuklarni ularni boqish qoidalarini buzgan holda saqlab kelayotganligi, shuningdek, ushbu xonada itning terisi va suyaklari aniqlangan. Shu sababli O.G‘ tomonidan so‘yilgan it go‘shtlari go‘sht mahsuloti sifatida kimga va qayerga berilganligi holatiga aniqlik kiritishda amaliy yordam berish so‘ralgan.

Shunga asosan Andijon shahri bo‘yicha IIOFMB masʼul xodimi tomonidan olib borilgan tekshiruv jarayonida fuqaro O.G‘ oxirgi olti oydan buyon o‘zining isteʼmoli uchun itlarni so‘yib, go‘shtini isteʼmol qilib kelganligi, ammo it go‘shtini go‘sht mahsuloti sifatida biron bir shaxsga sotmaganligi va topshirmaganligi aniqlandi.

Ish bo‘yicha to‘plangan hujjatlardan kelib chiqib, fuqaro O.G‘ o‘zining ushbu harakatlari bilan yashash manzilidagi xonada it boqishning qoidalarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 110-moddasi 1-qismida hamda  hayvon, jumladan, itlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish oqibatida ular o‘lishiga sababchi bo‘lganligi uchun 111-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Qonunda va uning sanksiyasida huquqbuzarni belgilangan jarimadan ozod qilish asoslari nazarda tutilmaganligi sababli hozirda fuqaro O.G‘.dan huquqbuzarligi yuzasidan belgilangan jarimani undirish choralari ko‘rilmoqda.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, fuqarolarimizdan it va mushuk boqish qoidalariga rioya qilishlarini hamda hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lmaslikni, ularni har qanday yo‘llar bilan o‘ldirmaslikni yoki mayib qilmaslikni so‘rab qolamiz.   

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech