1 Fevral 2022 yil 1260

Ijtimoiy tarmoqlarda “IIB xodimlari mahallaning uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari tomonidan toshbo‘ron qilindi” sarlavhali videoxabar bo‘yicha rasmiy munosabat

2022-yilning 1-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda “IIB xodimlari mahallaning uyushgan jinoiy to‘daga aylangan fuqarolari tomonidan toshbo‘ron qilindi” sarlavhali videoxabar tarqaldi.

Ushbu videoxabarda Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Alam mahallasida sodir bo‘lgan holat bayon etilgan.

Holat yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlar olib borildi.

Aniqlanishicha,  Baliqchi tumani, Aʼlam MFYda  yashovchi A.B tuman Suvoqava tashkilotiga tegishli bo‘lgan suv qazib chiqarish inshooti va hududini o‘zining tomorqasiga noqonuniy qo‘shib olganligi va devor bilan o‘rab olganligi, agar suv inshooti nosoz holga kelsa, taʼmirlash uchun kelgan fuqarolarni bu hududga o‘tishga to‘sqinlik qilayotganligi uchun mahalla aholisi bilan ushbu oila o‘rtasida nizo yuzaga kelganligi maʼlum bo‘ldi.   

Mazkur masala, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Izboskan tumani sudida o‘tgan 2021-yilning 28-may kuni ko‘rib chiqilib, mahalla aholisi foydasiga hal etilgan. Ushbu noqonuniy qurilgan binoni buzish uchun sud tomonidan muddat belgilangan.

MIB hamda tuman mutasaddi rahbarlari tomonidan ushbu qarorga asosan  A.B.ga noqonuniy qurilishni buzish kerakligi tushuntirilgan bo‘lsada, u tomonidan bunga qarshilik qilinib, devor buzilmagan.

2022-yilning 28-yanvar kuni majburiy ijro byurosi xodimlari sud qaroriga asosan A.B.ning xonadoniga suv qudug‘i hududidagi noqonuniy qurilgan devorni buzish uchun ijroga borgan vaqtlarida,  A.B va uning birga yashovchi o‘g‘li R.Sh, kelini Y.G.lar bilan mahalla aholisi o‘rtasida nizo kelib chiqib, oqibatda mahallada yashovchi bir necha fuqarolar tomonidan A.B.ning devoriga tosh otilgan va bu holat darhol IIB xodimlari tomonidan bartaraf etilgan. 

Otilgan toshlar u yerda bo‘lgan IIB yoki boshqa mutasaddi tashkilot xodimlarga yoxud fuqarolarga qaratilmagan va ularga tegmagan.

Mazkur holat yuzasidan Baliqchi tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Tekshiruv yakuniga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlangan taqdirda, ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho beriladi. 

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech