20 Dekabr 2020 yil 616

Ijtimoiy tarmoqlarga “Andijonda kechqurun tungi reyd o‘tkazishmoqda. YPX xodimi qoida buzib reyd qilmoqdami?” sarlavhasi bilan joylangan videotasvir yuzasidan

2020 yil 19 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarga “Andijonda kechqurun tungi reyd o‘tkazishmokda. YPX xodimi qoida buzib reyd qilmoqdami?” sarlavhasi bilan videotasvirlar joylandi. Ushbu videotasvirlar aks etgan barcha holatlar yuzasidan Andijon viloyati IIB YHXB mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 18 dekabr kuni soat 19:00larda Andijon tumani, Xrabek MFY hududida Andijon viloyati IIB YHXB 1-safarbar guruhi YPX inspektorlari A.Matkarimov, A.Kurbonov, A.Karimov va M.Jo‘raevlar viloyat IIB YHXB rahbariyati tomonidan tasdiqlangan taqsimotga ko‘ra, mast holda avtomashina boshqargan xaydovchilarni aniqlash  maqsadida reyd tadbirlari olib borayotgan vaqtida “Damas” rusumli avtomashina haydovchisi tomonidan video tasvirga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.

Ushbu videotasvirda  yo‘l patrul inspektorlari tungi vaqtda, yo‘lning yoritilmagan qismida, nur qaytaruvchi nimchalarini kiymagan holda reyd olib borayotganliklari aytib o‘tilgan. Xodimlarning ushbu xatti-harakatlari yuzasidan viloyat IIB YHXB mas'ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilmoqda.

Shuni ta'kidlash joizki, respublikamiz, xususan Andijon viloyati hududida sodir etilayotgan yo‘l-transport hodisalarining aksariyati yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzilishi, jumladan, mast holda avtomashina boshqarish oqibatida yuzaga kelmoqda.

Misol uchun viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan joriy yilning 18 dekabr kuni 29 nafar hamda 19 dekabr kuni 23 nafar mast holda avtomashina boshqargan xaydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 2020 yilning o‘tgan davri davomida Andijon viloyati hududida 1255 ta shu kabi qoidabuzarliklar qayd etilgan.

Bu raqamlarning ortida insonlar hayoti hamda salomatligi turganligini, oilasi va farzandlari davrasida bo‘lish o‘rniga xizmat o‘tayotgan xodimlarga qanchalik oson emasligi to‘g‘risida tirnoq ichidan kir qidiradigan qo‘shtirnoq ichidagi “qaxramonlar”imiz o‘ylab ko‘rishganmikan.

Shu o‘rinda barcha yo‘l harakati ishtirokchilaridan belgilangan tartib qoidalariga qat'iy rioya qilishlarini so‘rab qolamiz.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech