27 Fevral 2021 yil 444

Fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlarini tarqatganlik uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Maʼlum qilamizki, joriy yilning 19 fevral kuni Andijon viloyati Buloqboshi tumani IIBga shu tumanda yashovchi fuqaro B.R. shikoyat bilan murojaat qilib, o‘zi va yaqin qarindoshlarining fuqarolik pasport nusxalari ularning roziligisiz ijtimoiy tarmoqlarga joylanib, turli guruh va ittifoqlarga aʼzo bo‘lganligi to‘g‘risidagi yolg‘on xabar videolavha shaklida tarqatilayotganligini maʼlum qilgan va ushbu holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarga joylagan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat bo‘yicha olib borilgan tergovga qadar tekshiruvlar davomida, hozirda Toshkent shahrida yashovchi  fuqaro E.M. boshqa bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, jami 48 nafar fuqarolarning fuqarolik pasportiga oid shaxsiy maʼlumotlarini tegishli tartibda ro‘yxatdan o‘tmagan norasmiy ittifoqlarga aʼzo ekanliklari haqidagi yolg‘on axborotni ijtimoiy tarmoqlarga joylab, tizimlashtirish yo‘li bilan ulardan foydalanib, boshqa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga ham tarqatib kelganliklari aniqlandi.

Tekshiruv natijalari va to‘plangan hujjatlarga ko‘ra fuqaro E.M. va sheriklari bo‘lgan bir guruh shaxslarga nisbatan Buloqboshi tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1412-moddasi 2-qismi “a” bandida bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech