19 Oktyabr 2020 yil 686

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Andijon akademik liseyida “Ona tilim – g‘ururim, faxrim!” mavzusida tadbir o‘tkazildi

Ichki ishlar vazirligi tizimida ham o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish, vazirlik ta'lim muassasalarining kursant va o‘quvchi yoshlarini vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash borasida tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, ichki ishlar organlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash hamda 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligi munosabati bilan ushbu bayramni munosib nishonlash va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarni keng targ‘ib qilish maqsadida 2020 yil 7 sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik liseyida ham o‘quvchilar o‘rtasida “O‘zligimiz timsoli – Ona tilim!” mavzusida onlayn insholar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda liseyning 3-bosqich 5-guruh o‘quvchisi Mahmudjonov Jamshidbek faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Bayramning uzviy davomi sifatida 2020 yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon akademik liseyida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 31 yil to‘lishi munosabati bilan “Ona tilim – g‘ururim, faxrim!” mavzusida adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Tadbirni akademik lisey ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktori o‘rinbosari A.Qayumov ochib berdi. Unda ona tilimizning naqadar go‘zalligi, mashaqqat bilan erishilgan xazinamizni asrab-avaylashimiz kerakligi  alohida ta'kidlab  o‘tildi. 

Tadbir davomida ishtirok etgan o‘quvchilar ona tilimizni madh etuvchi maqollar, hikmatli so‘zlar orqali tilning ahamiyatini ifodalab berdilar. Ayniqsa, ona  tilimiz  haqida o‘zbek va rus tillaridagi she'rlarni zavq bilan aytib, buyuk bobolarimizning o‘zbek tilimizga bergan betakror ta'riflarini yodga oldilar.

Shuningdek, o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan ona tilimizni e'zozlovchi kuy va qo‘shiqlar, dilrabo raqslar hammani xushnud etdi. Lisey o‘quvchilari tilning inson hayotida naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini o‘zlarining tayyorlagan qiziqarli sahna ko‘rinishlari orqali namoyish etdilar.    

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech