Andijon shahrida “gashish” giyohvandlik moddasini 2000 AQSH dollariga sotayotgan shaxs ushlandi
Joriy yilning 24-iyul kuni soat 14:00 larda O‘zbekiston Respublikasi IIV Tezkor qidiruv departamenti jinoyat qidiruv xizmati hamda Andijon viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati jinoyat qidiruv boshqarmasi giyohvandlik va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarni jalb qilgan holda tezkor-tadbir o‘tkazildi.
Andijon shahri hududida o‘tkazilgan tezkor-tadbir davomida 1991-yilda tug‘ilgan H.R xolis xaridorga og‘irligi 185,09 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik moddasini 2000 AQSH dollariga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, giyohvandlik vositasi daliliy ashyo tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati