24 May 2022 yil 353

Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Probatsiya boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat miqyosida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish boʻyicha nazorat ostidagi shaxslar bilan keng qamrovli profilaktik ishlar oʻtkazilmoqda

Bunda asosiysi Probatsiya hisobida turgan, muqaddam ogʻir va oʻta ogʻir turdagi jinoyat sodir etgan shaxslar bilan uchrashib, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, bandligini taʼminlash, eng avvalo ular tomonidan takroriy jinoyatlar sodir etilishini barvaqt oldini olish boʻyicha ochiq muloqot hamda profilaktik suhbatlar oʻtkazilmoqda.

Joriy yilning 23-may kuni Shahrixon tumanida mazkur profilaktik tadbir tashkil etilib, tadbir davomida Probatsiya nazoratida turib, tuzalish yoʻliga oʻtgan, qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va mehnatga halol munosabatda boʻlib, tayinlangan jazodan oʻziga toʻgʻri xulosa chiqarib olgan 7 nafardan ortiq shaxslarga insonparvarlik dalolatnomalari tatbiq etilib, oʻtkazilayotgan “Sayyor sud” jarayonida jazolaridan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shu bilan birga jazodan oʻziga tegishli xulosa chiqarmasdan, jazo oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab kelayotgan 2 nafar nazoratdagi shaxslarning jazolari ogʻirroq turdagi, yaʼni ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

“Ishga marhamat” tadbirida esa 5 nafar shaxslar doimiy ish bilan taʼminlandi va 3 nafariga yoʻllanmalar berildi.

Hozirda, bu boradagi profilaktik tadbirlar viloyat miqyosida davom ettirilmoqda.

 

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech