Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida IIV Akademiyasi kursantlari va ularning oila a'zolari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi
Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan viloyat ichki ishlar organlariga ish o‘rganish amaliyotini o‘tash uchun kelgan O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi ta'lim 2-o‘quv kursi kursantlari va ularning ota-onalari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.D.Tasbaev so‘zga chiqib, kursantlarning ish o‘rganish amaliyoti davomida ta'lim olayotgan mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyot o‘tashlari hamda ularga boy amaliy tajribaga ega bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimlari murabbiy etib belgilanganligi, amaliyot o‘tash davomida kursantlar tomonidan shaxsiy xavfsizlik ta'minlagan holda, fuqarolar bilan bo‘ladigan muloqotlarda odob-ahloq qoidalariga hamda muomala madaniyatiga qat'iy rioya qilib, xizmat intizomi, qonunchilikni buzmaslik to‘g‘risida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, kursantlarning har qanday noqonuniy ishlarga aralashmasliklari, amaliyot o‘tash davrida xizmat kiyimida spirtli ichimliklar iste'mol qilmasliklari, spirtli ichimlik iste'mol qilgan holda tegishli hujjatlarsiz avtotransport vositalarini boshqarmasliklari hamda boshqa shu kabi masalalar hususida kursantlar va ularning ota-onalari ogohlantirilib, yo‘riqnomalar berib o‘tildi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi kunduzgi ta'lim 2-o‘quv kursi kursantlari viloyat ichki ishlar organlarining hududiy boshqarma va bo‘limlarida ish o‘rganish amaliyotlarini o‘tashlari belgilandi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan kursantlarning ota-onalari ham so‘zga chiqishdi.Ota-onalar yuqorida belgilangan tartib-qoidalarga farzandlarining amal qilishlariga mas'ul bo‘lishlari shart ekanliklarini hamda ular bilan nazoratni yanada kuchaytirish kerakligi to‘g‘risida o‘z fikr-mlohazalarini bildirib o‘tdilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati