17 Fevral 2022 yil 298

Andijonda Prezident farmoni asosida afv etilganlarni ijtimoiy hayotga yo‘naltirish ishlari davom ettirilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu amallarning davomi sifatida, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan shaxslarni oilasi bag‘riga qaytarish, hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratish borasidagi tadbirlar davom ettirilmoqda.

Prezidentimizning 2021-yil 31-yanvardagi «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qatʼiy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi PF-30-son Farmoniga muvofiq, bir guruh shaxslar jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan.

Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqarolarni jamiyatga to‘laqonli moslashishini taʼminlash, dunyoqarashini o‘zgartirish hamda ularga moddiy, maʼnaviy-ruhiy, tibbiy, yuridik va boshqa turdagi zarur yordam berilishini tashkillashtirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, joriy yilning 15-fevral kuni Andijon shahridagi muhtasham «Yoshlar markazi» saroyida viloyat hokimligi, huquq-tartibot idoralari va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda afv etilganlar va ularning oila aʼzolarining ijtimoiylashuvini taʼminlash maqsadida ularga moddiy yordamlar ko‘rsatilib, turmush tarzidagi maishiy muammolarini hal etish, fuqarolik pasportini yo‘qotgan va amal qilish muddati tugagan shaxslarga pasport olishda yordamlar berildi.

Bundan tashqari, аfv etilganlar bilan individual tarzda olib borilgan suhbatlar natijasida, ularda mavjud muammolar aniqlanib, barchasi atroflicha tahlil qilindi hamda hokimlik, tegishli idora va tashkilotlarning ko‘magida qisqa muddatlarda qonuniy hal etilishi alohida nazoratga olinib, zaruriy choralar belgilandi.

 

Andijon viloyati IIB Axboroti xizmati

Text to speech