Andijonda talaba yoshlar uchun “Jaholatga qarshi maʼrifat” seminari tashkil etildi
Andijon davlat tibbiyot institutining talabalar turar joyida talaba yoshlarning bo‘sh vaqtlarini nazoratga olish va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish maqsadida “Jaholatga qarshi maʼrifat” shiori ostida seminar tashkil etildi.
Seminarda Shayx Muhiddin Mahdum madrasasi o‘qituvchisi Nodirbek Jamolov islom dini borasida, unda inson, unga berilgan neʼmat, ezgulik sifatlarining ulug‘ligi hamda diniy ekstremizm va terrorizm taʼsiriga berilib qolmaslik borasida talabalarga keng tushuntirish berib o‘tdi.
Shuningdek, Andijon viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi mafkuraviy targ‘ibot guruhi yetakchi mutaxassisi, kapitan Alisher Hamrayev diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda yurtimizda olib borilayotgan keng islohotlar, salbiy illatlar taʼsiriga tushib, natijada o‘z kelajagiga zomin bo‘lgan yoshlar borasida ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Andijon viloyati rahbari Murodjon G‘ofurov esa yot g‘oyalar va jaholatga faqat ilm-maʼrifat, yetuk salohiyat, iqtidor bilan qarshi kurasha olish mumkinligi haqida so‘z olib bordi.
Tadbir yakunida talabalar mutaxassislarga mavzuga doir savollar bilan murojaat qildilar. Seminar savol-javoblarga, bahs va munozaralarga boy ravishda o‘tdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati