Andijonda to‘y marosimlarida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi
Mamlakatimizga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining joriy yil 12 avgustdagi 43-son bayoniga muvofiq, to‘y marosimlarini uy sharoitida sanitariya va gigiena qoidalariga rioya qilgan holda o‘tkazish borasida Andijon viloyati IIB xodimlari tomonidan jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tuman-shahar fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish idoralaridan olingan ro‘yhatlar asosida to‘y o‘tkazilishi belgilangan xonadon egalari bilan ogohlantirish profilaktik tadbirlari olib borilmoqda.
O‘tgan davr davomida nikoh qurish uchun ariza bergan 5 ming 601 nafar yoshlarning 4 ming 621 nafari va ularing ota-onalari bilan o‘tkazilishi belgilangan to‘y marosimlarida sanitariya va gigiena qoidalariga rioya qilish, to‘yda qatnashuvchi fuqarolar sonini 30 kishidan oshirmaslik to‘g‘risida profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, ogohlantirish xatlari olindi.
Biroq, olib borilgan profilaktik tadbirlarga qaramasdan fuqarolar tomonidan belgilangan cheklov qoidalarini buzish holatlari kuzatilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 1 avgust kunidan 7 sentyabr' kuniga qadar Qo‘rg‘ontepa, Marxamat, Asaka, Jalaquduq, Shahrixon hamda Xo‘jaobod tumanlarida o‘tkazilgan jami 11 ta to‘y marosimlarida belgilangan karantin talablariga rioya etmaslik holatlari aniqlandi.
Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 54-modda 2-qismiga asosan ma'muriy hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda qonuniy chora ko‘rishlik uchun Andijon viloyati sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markaziga yuborildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati