13 Iyun 2025 yil 244

Andijon shahrida sodir etilgan jinoyatga sabab bo‘lgan omillar keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi

Andijon viloyati prokurori Murodillo Abduhakimov hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Djabarovlar raisligida bo‘lib o‘tgan muhokamada Andijon shahri hokimi, huquq-tartibot organlari rahbarlari, tashkilot-muassasalar mas’ullari, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir avvalida, ikki nafar haydovchining avtomashina qo‘yish uchun joy talashib, janjallashib ketishi oqibatida biri ikkinchisiga tig‘li jism orqali tan jarohati yetkazganligi holati yig‘ilganlarga ma’lum qilinib, ushbu  jinoyatning kelib chiqishiga shart-sharoit yaratgan omillar tub ildizigacha tahlillar asosida tanqidiy muhokama qilindi.

Shuningdek, Andijon shahrida “Tig‘” profilaktik tadbirlari sust darajada o‘tkazilayotganligi, bunga mas’ul bo‘lganlar tomonidan ish talab darajasida tashkil etilmaganligi  ham tanqid ostiga olinib, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Muhokama yig‘ilishida “mahalla yettiligi” a’zolari va boshqa mas’ullar tomonidan ushbu sodir etilgan ayanchli holatdan o‘zlariga yetarlicha xulosa chiqargan holda kelgusida bunday jinoyatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.  

Tadbir yakunida kelgusida bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech