Andijon shahri hududida harakat xavfsizligini taʼminlash hamda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2021 yil 4-10 yanvar kunlari “Harakat xavfsizligini taʼminlash hamda tirbandliklarni oldini olish” haftaligi eʼlon qilindi
Andijon viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi hamda viloyatdagi tegishli idora va tashkilotlarning mutaxassis xodimlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring o‘rganishlar natijasiga ko‘ra viloyat markazi - Andijon shahri hududida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni oldini olish, transport vositalari va piyodalar oqimini tartibga solish yuzasidan 2020 yil yakunida viloyat hokimligiga 22 ta banddan iborat amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar taklifi kiritilgan edi.
Viloyat hokimi huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan takliflar qo‘llab-quvvatlanib, 2021 yil 2-3 yanvar kunlari shaxsan viloyat hokimi, IIB boshlig‘i hamda tegishli tashkilotlar va idoralarni jalb qilgan holda shahar ko‘chalari va yo‘llari qaytadan ko‘rib chiqildi.
Bunga ko‘ra, Andijon shahri hududida harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 2021 yil 4-10 yanvar kunlari “Harakat xavfsizligini taʼminlash hamda tirbandliklarni oldini olish” haftaligi eʼlon qilindi.
Haftalik davomida tirbandliklar yuzaga kelayotgan chorrahalarda qo‘shimcha o‘tish yo‘llari (karman) tashkil etish, shahardagi 7ta chorrahaga o‘rnatilgan qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlovchi videokameralarning ish rejimiga o‘zgartirish orqali, 5.42 “Qizil chiroqda o‘ngga harakatlanish” yo‘l belgilarini o‘rnatish, bozorlar yaqiniga avtoturargohlar tashkil etish, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalariga amal qilmaslik natijasida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni bartaraf etish maqsadida 22 ta tashkilot hamda idoralar oldiga 3.27 yo‘l belgisi o‘rnatish hamda qoidabuzarlik aniqlovchi kamera bilan jihozlash, “Yangi bozor” hamda eski shahar “Dehqon bozori” hududiga qurilayotgan yer usti piyodalar o‘tish yo‘llari qurilishini yakunlash hamda 1 ta temir yo‘l kesishmasida harakat xavfsizligini taʼminlash ishlari boshlab yuborildi.
Hozirda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati