6 Mart 2021 yil 758

Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida “8 mart –  Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami munosabati bilan  tantanali  tadbir bo‘lib o‘tdi

“8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tizimda xizmat olib borayotgan ayol xodimalar va ishchi-xizmatchilar uchun tantanali tadbir tashkil etildi. Tadbirga shuningdek, ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilib  hozirda nafaqada bo‘lgan faxriy ayol xodimalar va xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan xodimlarning turmush o‘rtoqlari ham taklif etildi.

Dastlab, Andijon viloyati IIB boshlig‘i polkovnik A.Raxmatullayev tomonidan Ichki ishlar vazirining bayram tabrigi o‘qib eshittirilib, ichki ishlar organlarida erkaklar bilan yelkama-yelka turib xizmat qilayotgan ayol xodimalarning mashaqqatli xizmatlari  alohida eʼtirof etildi. Ularga sihat-salomatlik va oilaviy baxt-saodat tilandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi IIVning buyrug‘iga asosan xizmat faoliyati davomida yuqori natijalarga erishib, hamkasblariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan 10 nafar xodimalar faxriy yorliq, benuqson xizmatlari uchun ko‘krak nishoni,esdalik qo‘l soati hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar. Shuningdek, Andijon viloyati IIBning buyrug‘i bilan 70 nafar xodimalar hamda 140 nafar ishchi xizmatchi ayollarga rag‘batlantirish pul mukofotlari topshirildi.

Bundan tashqari, nafaqada bo‘lgan faxriylarga va xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan xodimlarning turmush o‘rtoqlariga esdalik sovg‘alari ham topshirildi. Taniqli xonandalar ijrosidagi diltortar qo‘shiqlar, bolajonlar ijrosidagi sho‘x raqslar, kulgu ustalarining bayram munosabati bilan tayyorlagan hazilomuz chiqishlari barchaning qalbiga xushkayfiyat ulashdi.  

Barcha onaxonlaru, opa-singillarimizni “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni” bayrami bilan  Andijon viloyati IIB rahbariyati va shaxsiy tarkibi nomidan tabriklaymiz! Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ayollar!

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech