Andijon viloyati IIB xodimlari uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsida “Bobur sog‘inchi” spektakli namoyish etildi
Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy tafakkurini yuksaltirish, tariximiz, milliy qadriyatlarimizga hurmat hamda ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda teatrning ahamiyati katta hisoblanadi.
Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi har qachongidan noanʼanaviy tarzda bo‘lib o‘tdi.
Boisi viloyat IIB apparati shaxsiy tarkibi hamda tuman va shaharlarning bir guruh xodimlari, IIV Qorovul qo‘shinlari harbiy xizmatchilari Andijon viloyati musiqali drama teatriga taklif qilindi.
Maʼnaviyat maskanida bo‘lib o‘tgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini ijro etishdan boshlandi. Shuningdek, teatr jamoasi, xodimlar uchun shoir, dramaturg va kinodramaturg Usmon Azimning “Bobur sog‘inchi” asari asosida sahnalashtirilgan spektaklni namoyish etdilar.
Teatr har qanday davrda, doim ham hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita hisoblangan. Shu boisdan inson maʼnaviyatini yuksaltirishda teatrning alohida o‘rni bor. Andijon viloyati musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan spektakl ichki ishlar organlari xodimlarida katta taassurot qoldirdi.
Namoyish etilgan spektakl xodimlarning maʼnaviy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, estetik tarbiyasini kuchaytirish, ularning madaniyat va sanʼatning turli sohalariga bo‘lgan qiziqishlarini yana-da oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.
Spektakl yakunida xodimlar teatr jamoasining ijodiga muvaffaqiyatlar tilab, minnatdorchilik tariqasida iqtidor sohiblariga guldastalar taqdim etdilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati