12 Oktyabr 2021 yil 495

Andijon viloyati IIB JQB  tashabbusi bilan “O‘quvchi-talabalar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida ko‘rgazmali davra suhbatlari o‘tkazildi  

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 7 oktyabr kungi “O‘quvchi-talabalar orasida giyohvandlik vositalarini tarqalishiga qarshi kurashish” tezkor-profilaktik tadbirlarini tashkil etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmasi hamda Andijon viloyati IIB JQB boshlig‘ining tashabbusiga asosan  barcha shahar-tumanlarda keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilgan. Shunga asosan joriy yilning 12 oktyabr kuni Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti , Andijon Davlat Universiteti hamda Andijon tumanida joylashgan 17-sonli umumtaʼlim maktablarida Andijon viloyati IIB JQB xodimlaridan iborat ishchi guruhi, mutasaddi tashkilotlar va diniy idora vakillari ishtirokida ko‘rgazmali davra suhbatlari tashkil etildi.

Davra suhbatlari davomida o‘quvchi-talabalarga viloyatimiz hududida yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlar, giyohvandlik moddalari, psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi dori vositalarining isteʼmoliga bo‘lgan qiziqish va uning savdosi bilan shug‘ullanish qanday salbiy oqibatlarga olib kelishi, ularning kelib chiqish sabablari va omillari to‘g‘risida atroflicha tushunchalar berildi. Giyohvandlikning ayanchli yakuni va buning oqibatida OITS kasalligini yuqtirib olish mumkinligi, ushbu kasallik bedavo dard ekanligi to‘g‘risida videoroliklar ham taqdim etildi. Savol-javob tariqasida o‘tkazilgan davra suhbati davomida  yoshlar yana bir bor huquqiy bilimlarini oshirdilar. Shuningdek, kelgusida shu va boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymasliklari, jinoyat uchun jazo muqarrar ekanligini tushunib yetganliklarini maʼlum qildilar.

Mazkur tadbirlar davomida oliy o‘quv yurtlari, litsey, kollej va maktablarda “Biz yoshlar giyohvandlikka qarshimiz”, “Giyohvandlik asr vabosi” shiori ostida ko‘ngilochar-madaniy tadbirlar, sport musobaqalari tashkil etilishi, ushbu tadbirlarda viloyat madaniyat boshqarmasi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, viloyat OITSga qarshi kurash markazi, Andijon viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi hamda ommaviy axborot vositalari faol ishtirok etishi belgilab olindi.  

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech