Andijon viloyati IIB JXX JTSB masʼul rahbarlari tomonidan Andijon mashinasozlik institutida yoshlar o‘rtasida talonchilik va bezorilik jinoyatlarini oldini olishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi
Yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davomida yoshlarimizga alohida eʼtibor qaratilib, ularni ijtimoiy jihatdan shakllantirish, ijodiy va boshqa yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish maqsadida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganidan keyin imzolagan ilk qonun hujjati “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bo‘lgani ham bunga yaqqol bir misoldir.
Shunday bo‘lsada, bugungi kunda jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining yoshlar o‘rtasida ham kuzatilayotgani achinarli holatdir. Shu boisidan bu kabi salbiy holatlarni oldini olishda targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 20-fevral kuni Andijon viloyati IIB JXX JTSB boshlig‘i mayor Abduraimov Raximjon tomonidan Andijon mashinasozlik institutida yoshlar o‘rtasida talonchilik va bezorilik jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida sodir etilgan talonchilik va bezorilik jinoyatlariga sabab bo‘layotgan omillar, ushbu jinoyatlarga qo‘l urganlar uchun jazoning muqarrarligi hamda ushbu salbiy holatlar talabalar o‘rtasida ham uchrayotganligi hayotiy misollar orqali o‘kinch bilan tilga olindi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar talonchilik va bezorilik jinoyatlariga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar olishib, ushbu jinoyatlarni oldini olish bo‘yicha o‘zlarining taklif va mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati