Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlarining malakasi oshirishga qaratilgan o‘quv trening mashg‘ulotlari tashkil etildi
Andijon viloyati IIB Ekspert-kriminalistika markazi xodimlari uchun “Hodisa joyini ko‘zdan kechirish, tergov harakatlarida, tezkor-qidiruv tadbirlarida ishtirok etish hamda kriminalistik vosita va usullarni qo‘llash” yo‘nalishida o‘quv trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Trening dasturi hodisa joyini ko‘zdan kechirish tartibi, ashyoviy dalillarni olish va qadoqlash, tezkor-qidiruv tadbirlari va tergov harakatlari davomida kriminalistik texnika va vositalardan foydalanish bo‘yicha amaliy hamda mahorat darslarini o‘z ichiga oldi.
Shuningdek, sud-fotografiyaning umumiy qoidalari, tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlarida isbotlov bazasini shakllantirishning ahamiyati, portlash va yo‘l transport hodisalari bilan bog‘liq voqea joylarini ko‘zdan kechirish tartibi hamda tintuv va tergov eksperimentlarini o‘tkazish yuzasidan nazariy ma’lumotlar berildi.
Mashg‘ulotlar davomida yosh ekspertlar tomonidan berilgan soha bo‘yicha savollarga javoblar berilib, amaliy ko‘nikmalar mustahkamlandi hamda ekspert-kriminalistika xodimlarining kasbiy tayyorgarligi va samaradorligi oshirildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati