1 Mart 2025 yil 4202

Andijon viloyati sudida mehnat qonunchiligi normalarini sud amaliyotida qo‘llash, mehnat nizolariga sabab bo‘layotgan holatlarning oldini olish masalalari yuzasidan seminar tashkil etildi

Tadbirda Andijon viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati,boshqarma Yuridik ta’minlash guruhi hamda boshqa bir qator sohaviy xizmatlardan xodimlar ishtirok etishdi.

Seminarda viloyat sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Akmal Alijonov hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi sudyasi Sherzod Arabboyev sud amaliyoti tahlili bilan bog‘liq ma’lumotlarni taqdim etdi.

Qayd etilishicha, keyingi paytlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolari bilan bog‘liq ishlarning salmog‘i ortib bormoqda. Jumladan, birgina 2024-yilning o‘zida fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi tomonidan bevosita ishga tiklash bilan bog‘liq 115 ta, ish haqi undirishga doir 45 ta, ishga qabul qilishni g‘ayriqonuniy ravishda rad etganlik holati yuzasidan 1 ta hamda boshqa mehnat nizolariga oid 29 ta fuqarolik ishi ko‘rib chiqilgan. Mazkur nizolarning 84 tasi qanoatlantirilib, da’vogarlarga ish haqi uchun 3 milliard 322 million so‘mdan ziyod mablag‘lar undirib berilgan. Shuningdek, mehnat shartnomasining bekor qilinishi ortidan xodimning ma’naviy zarar undirish bilan bilan bog‘liq talablari bo‘yicha 282 million so‘mlik mablag‘lar undirish yuzasidan qarorlar qabul qilingan.

Seminarda mehnat nizolari kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan holatlar bo‘yicha so‘z yuritildi. Ayni turdagi da’volar bo‘yicha sudlarga murojaat etish muddatlari, mehnat huquqlarini himoya qilishning asosiy usullari, bu boradagi qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llash kabi qator masalalar yuzasidan fikr almashildi hamda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech