6 Avgust 2021 yil 627

Andijonda 13 nafar abituriyent taqiqlangan buyumlar olib kirishga uringanligi sababli test imtihonidan chetlashtirildi  

Andijon viloyatida Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun imtihonlar davom etmoqda. Maʼlumot uchun viloyatdan jami 57 ming 761 nafar abituriyent imtihonlarda qatnashish uchun hujjat topshirgan. Ayni kunlarda Andijon shahridagi "Barkamol avlod" majmuasida oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida va yuqori saviyada o‘tkazish, xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, abituriyentlarni test o‘tkaziladigan maydonlarga koronavirus infeksiyasi yuqishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha belgilangan tartiblarga amal qilgan holda kiritish maqsadida ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Milliy gvardiya hamda sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi xodimlari jalb qilingan.

Xususan, Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasining 123 nafar xodimlari test jarayonlarida xavfsizlikni taʼminlashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishmoqda.

Imtihondan oldin abituriyentlarning test hududiga taqiqlangan narsalarni olib kirishlari mumkin emasligi haqida ogohlantirish ishlari olib borilgan bo‘lsa ham, ularning  ayrimlari tomonidan ichkariga turli narsalar olib kirish holatlari kuzatilmoqda.

Xususan, test sinovlarining o‘tgan birinchi kuni hamda ikkinchi kunning birinchi yarmi mobaynida jami 13 nafar abituriyent taqiqlangan buyumlar yaʼni hududga kirish joyida uyali telefon, shpargalkalar olib kirishga uringanligi uchun test imtihonidan chetlashtirildi. Shuningdek, 2  nafar “abituriyent”lar boshqa birovning o‘rniga kirishga urinayotgan vaqtda xodimlarning hushyorligi natijasida qo‘lga tushdi.

Andijon viloyati IIB xodimlari boshqa hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikda test jarayonlarini belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilishini taʼminlanishida o‘zlarining hissalarini qo‘shmoqdalar. Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilayotgan  test sinovlari esa davom etmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

 

Text to speech