Andijonda “Xavfsiz hudud – dolzarb 20 kunligi” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida maktablarda xavfsiz ta’lim muhitini yaratish maqsadida profilaktik targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda
Har bir bolaning xavfsiz va osuda muhitda ta’lim olishi — jamiyatimiz oldida turgan ustuvor vazifalardan biridir. Ayniqsa, so‘nggi vaqtlarda ta’lim muassasalarida yuz berishi mumkin bo‘lgan turli xavf-xatarlarning oldini olish, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish maqsadida mutasaddi tashkilotlar hamkorligida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, “Xavfsiz hudud – dolzarb 20 kunligi” keng qamrovli profilaktik tadbiri doirasida Ichki ishlar vazirligi Qo‘riqlash departamenti, Andijon viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi , Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmalari hamkorligida profilaktik targ‘ibot tadbirlari tashkil etildi. Tadbirda davlat va xususiy ta’lim muassasalari rahbarlari, javobgar xodimlar hamda xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdilar.
Tadbirda ishtirokchilarga maktablarda xavfsizlikni ta’minlash, jumladan, jismoniy va texnik qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanish tartib-qoidalari, zamonaviy nazorat vositalaridan samarali foydalanish usullari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Qo‘riqlash departamenti mutaxassislari tomonidan maktablarda turli xil huquqbuzarlik va noxush holatlarning oldini olishda qo‘riqlash xizmatining o‘rni va ahamiyati xususida atroflicha tushuntirishlar o‘tkazildi.
Shuningdek, tadbirda ta’lim muassasalarida avval sodir bo‘lgan ba’zi noxush holatlar tahlil qilindi va ularning sabablari muhokama etildi. Bu orqali rahbarlarga xavfsizlik tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiya va yo‘l-yo‘riqlar berildi. Har bir maktabda xavfsizlikni ta’minlash — nafaqat maxsus xizmatlarning, balki ta’lim muassasasi rahbariyati va o‘qituvchilarning ham javobgarligi ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida maktablarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, o‘quvchilar va pedagoglar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, shuningdek, texnik jihozlarni zamonaviylashtirish va nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati