Andijonda mastlik oqibatida sodir etilgan jinoyat keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilindi
Spirtli ichimlik iste'mol qilish, mastlik hech qachon yaxshilikka olib kelmaydi.2020 yil 30 may kuni soat 19:30 larda Andijon shahrida yashovchi, fuqaro B.S tanishi M.B ning yashash uyida u bilan birga spirtli ichimlik iste'mol qilishib, B.S.ga qarashli Oltinko‘l tumani, Jalabek MFY xududida joylashgan payvandlash sexiga borishadi.Bu yerda M.B mast xolda B.S.ni uyatli so‘zlar bilan xaqorat qilganligi uchun o‘zaro janjallashib ketishadi.Janjal oqibati ayanchli yakun topadi.Fuqaro B.S shu yerda bo‘lgan xo‘jalik boltasi bilan M.B.ni bosh qismiga 2 marotaba urib og‘ir tan jarohati yetkazadi va M.B.ni vokea joyida vafot etishiga sababchi bo‘ladi.
Mazkur xolat yuzasidan Oltinko‘l tumani prokuraturasi tomonidan B.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmokda.
Ushbu ayanchli holatni sodir etgan B.S.ning qilmishi Oltinko‘l tumani, Jalabek mahallasida yashovchi keng jamoatchilik ishtirokida tanqidiy muhokama qilindi.Andijon viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik Ya.A.Abdulxakov raisligida o‘tkazilgan muhokamada ushbu jinoyatning kelib chiqish sabablari tub ildizigacha tahlil qilindi.
Me'yoridan ortiq ichkilik har qanday insonni aqlidan ayiradi, qilayotgan xatti-harakatini anglolmay qoladi. Buning natijasida jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi ham hech gap emas.Jinoyatlar tahliliga nazar tashlansa, aynan ichkilik oqibatida sodir etilgan jinoyatlarning aksariyatida ayblanuvchi voqea paytida o‘z xatti-harakatini bilmaydi. Ushbu ayanchli jinoyat ham o‘z xatti-harakatlarini idora qila olmaslik oqibatida kelib chiqqanligi o‘kinch bilan tilga olindi.
Shuningdek, aksariyat kishilar atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarqlik bilan qarab ish tutayotganliklari ham keskin qoralandi.Bo‘lib o‘tgan bu voqeani muhokamada ishtirok etganlarning barchasi oilasi, va tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari shart ekanligi qayta-qayta ta'kidlandi. Bu kabi jinoyatlarning sodir etilishiga joylardagi mutasaddilarning yetarli darajada profilaktik tadbirlarni olib bormayotganliklari sabab bo‘layotganligi tanqid ostiga olindi. Ushbu jinoyat uchun esa jazo mukarrarligi albatta ta'minlanishi alohida ta'kidlab o‘tildi.
Muhokama so‘ngida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini keng jamoatchilik vakillariga ham yanada ta'sirchan usullarda yetkazish bo‘yicha xududiy proflaktika inspektorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, ko‘chaboshilari, oqsoqollari hamda mahalla faollariga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati