Andijonda “Tozalash-Antiterror” maxsus tezkor profilaktik tadbiri doirasida bir qator ishlar amalga oshirildi
Respublikamiz hududida “Navro‘z” umumxalq bayramini o‘tkazish davomida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2021 yil 15 fevraldagi “Respublika miqyosida "Tozalash-Antiterror" maxsus profilaktik tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga asosan 15 fevral kunidan 20 mart kuniga qadar viloyat miqyosida “Tozalash-Antiterror” maxsus tezkor profilaktik tadbirlari doirasida Andijon viloyati IIB xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
“Tozalash-Antiterror” maxsus tezkor profilaktik tadbiriga ichki ishlar, milliy gvardiya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlari hamda mahalla raislari, ko‘cha va uy boshqaruvchilari va boshqa jamoatchilik vakillaridan jami 2 ming 591 nafar xodim jalb etildi.
Viloyat hududida ushbu tadbirni samarali o‘tkazish maqsadida tezkor-kriminogen vaziyat chuqur tahlil qilinib, shahar-tumanlardagi mavjud 882 ta mahallalar toifalarga ajratilib, profilaktik ishlar dastlab tezkor-kriminogen vaziyati og‘ir hududlardan boshlandi.
Tadbir davomida viloyatda mavjud 541 ming 215 ta obyektlar to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, dalolatnomalar rasmiylashtirildi. Profilaktik hisobda va probatsiya xizmati hisobida turgan 20 ming 157 nafar shaxslarni barchasining yashash xonadonlariga borilib, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy nazorat to‘g‘risidagi qonun taʼsiri ostiga tushuvchi 121 nafar muqaddam sudlangan shaxslarga nisbatan maʼmuriy nazorat o‘rnatildi. Maʼmuriy nazorat qoidalarini buzganligi uchun O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 206-moddasiga asosan 55 nafariga maʼmuriy choralar ko‘rilib, shundan 10 nafariga jinoyat kodeksining 226-moddasiga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Probatsiya xizmati hisobida turib, jazodan qasddan bo‘yin tovlaganligi uchun 34 nafar mahkumlarning jazo turlari og‘irroq jazo turiga almashtirildi.Profilaktik tadbirlar davomida jami 2 ming 199 nafar shaxslar va mahkumlar profilaktik hisob toifaga olindi.
Tadbirlar davomida aholining ishsiz qatlamini bandligini taʼminlash maqsadida, 45 marotaba “Bo‘sh ish o‘rinlari” mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, 478 nafar shaxslar ishga joylashtirildi.Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 24 ming 151 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, huquqbuzarlarga nisbatan belgilangan tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, 76 nafar aniq yashash joyi va mashg‘ulot turiga ega bo‘lmagan shaxslar Reabilitatsiya etish markaziga, 199 nafar nazoratsiz va qarovsiz yurgan Voyaga yetmaganlar viloyat IIB VEIHYOKMga joylashtirildi.
Viloyat sog‘liqni saqlash idoralari bilan hamkorlikda 224 nafar spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan shaxslar, 52 nafar giyohvandlar va 212 nafar tajovuzkor ruhiy kasal shaxslar davolanish uchun sog‘liqni saqlash muassasalariga joylashtirildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 28 nafar qidiruvdagi jinoyatchilar ushlandi hamda 9 nafar bedarak yo‘qolgan shaxslar sog‘-salomat topilib, oila-aʼzolariga topshirildi.Amalga oshirilgan tezkor profilaktik tadbirlar natijasida jinoyat qidiruv sohasida sodir etilgan 345 ta jinoyatlar issiq izidan fosh etilishiga erishildi.
Giyohvandlik bilan bog‘liq 26 ta holatlar aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Shuningdek, tekshiruvlar davomida aniqlangan qurol-yaroqlar bilan bog‘liq holatlar soni 20 tani tashkil etadi.
Yashash joyidan turli maqsadlarda uzoq muddatga chiqib ketgan 1269 nafar shaxslar aniqlandi hamda yashash manzillariga qaytgan 1588 nafar shaxslar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 153 nafari tezkor qiziqish uyg‘otganligi uchun tezkor xizmat xodimlariga taqdim etildi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 754 ta jamoatchilik nazorat maskanlarida 50 mingdan ziyod transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.Shuningdek, “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz xonadon” konsepsiyalari asosida mahallalarga va aholi gavjum joylarga 924 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.
Tadbir davomida aholi xonadonlarini va boshqa obyektlarni markaziy qo‘riqlash pultiga ulash bo‘yicha xonadon va obyekt egalaridan pultga ulanish bo‘yicha jami 435 ta arizalar olinib, shundan 319 ta xonadon va obyektlar pultga ulanishi taʼminlandi.
Tan jarohati bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarning sodir etilishini barvaqt oldini olish maqsadida tadbir davomida jami 1.938 marotaba “TIG‘” tadbirlari o‘tkazilib, jami 185 nafar shaxslardan turli xildagi tig‘li predmetlar olindi.
Tadbir davomida aholi bilan xavfsizlik masalalari yuzasidan5 mingdan ziyod yig‘ilishlar o‘tkazildi.Olib borilayotgan profilaktik-ogohlantiruv tadbirlar samaradorligi hamda taʼsirchanligini oshirish maqsadida, tadbir davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xar 7 kunda barcha sohaviy xizmatlar ishtirokida muhokamalar tashkil etildi.
Hozirgi kunda, Andijon viloyatida jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tezkor-profilaktik chora-tadbirlar “Zarbdor oyligi”doirasida davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati