“Andijonda qo‘liga bolta olgan kishi bir yigitni o‘ldirish bilan tahdid qilib ortidan yugurib yuribdi” sarlavhasi bilan tarqagan videotasvir yuzasidan
2021 yil 26 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarga “Andijonda qo‘liga bolta olgan kishi bir yigitni o‘ldirish bilan tahdid qilib ortidan yugurib yuribdi” sarlavhasi bilan videotasvirlar joylandi. Ushbu videotasvirlarda aks etgan holatlar Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi.
To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, 2021 yil 24 mart kuni soat 17:30 larda Andijon shahri, Fitrat ko‘chasida fuqaro M.X boshqa bir fuqaro M.N bilan o‘zaro oldi-berdi masalasida janjallashib, M.X qo‘lida bo‘lgan bolta bilan M.N.ga nisbatan zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish maqsadida orqasidan yugurib quvganligi maʼlum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.X.ga nisbatan Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati