22 Iyun 2021 yil 632

Baliqchi tumanida sodir etilgan jinoyatlarga sabab bo‘lgan omillar keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama etildi

Baliqchi tumanida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari polkovnik S.B.Djabbarov boshchiligida sodir etilgan qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Muhokamada IIV ishchi guruhi vakillari, tumani IIB xodimlari, imom-xatiblar mahalla faollari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

So‘z olganlar tomonidan sodir etilgan noxush holatlar sabablari va uning oqibatlari jamoatchilikka atroflicha yetkazildi.Shuningdek, kichik nizolarga va o‘zaro tortishuvlarga guvoh bo‘layotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan o‘sha hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inpektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir bo‘lishini tomoshabin bo‘lib kuzatib turishi emas, balki uni oldini olishga chin dildan harakat qilishi shartligi, o‘zining ogohligi va  hushyorligi bilan masʼul ekanligi taʼkidlab o‘tildi.

Imomi-xatiblar tomonidan jaxl chiqqanda o‘zini jilovlash, boshqa bir insonga qasddan zarar yetkazishning gunohi og‘ir ekanligi, ikki yoki undan ko‘proq insonlar orasida nizo chiqishini tashqaridan bila turib, bunga befarq bo‘lish ham katta ayb sanalishi haqida  so‘z olib borildi. mahalla raisi, nuroniylar va mahalla faollari ham ushbu holat borasida o‘zlarining fikr mulohazalarini bildirishib, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun bor imkoniyatlari bilan harakat qilishlarini taʼkidlab o‘tishdi.

Shuningdek, o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida o‘g‘rilik, firibgarlik va jinoyatlarini oldini olish va bunga imkon yaratgan shart-sharoitlar ham atroflicha tahlil qilindi. Ushbu turdagi jinoyatlarni aholi o‘rtasida muhokama etish ishlari muntazam amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, hanuz o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash, odamlarni aldab chuv tushirish holatlari ro‘y berayotganligi, bu kabi salbiy holatlarga fuqarolarning o‘z mol-mulklariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmayotganliklari, firibgarlar tuzog‘iga tushib qolishlariga esa ishonuvchanligi sabab bo‘layotganligi keskin tanqid ostiga olindi.

Muhokama yakunida  mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar yuklatildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech