29 Aprel 2022 yil 408

Baliqchi tumani IIBda profilaktika inspektorlari va tergovchilarning bilim saviyasini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi

Avval xabar qilinganidek, Andijon viloyati IIB boshlig‘ining topshirig‘iga asosan shahar-tuman IIBlari huzuridagi tergov bo‘lim, bo‘linma va guruhlari tergovchilari va hududiy profilaktika inspektorlarining bilim saviyasini yanada mustahkamlash borasida navbatdan tashqari o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Bu galgi o‘quv mashg‘ulotlar 29 aprel kuni Baliqchi hamda Oltinko‘l tumani IIBlarining profilaktika inspektorlari va tergovchilari uchun tashkil etildi.

Unda dastlab, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik I.Fayzullayev hamda malakali mutaxassislar tomonidan jinoyat ishlarini tergov qilishda protsessual tartibga rioya qilish, tergov harakatlarini o‘tkazish metodlari, hodisa joyini ko‘zdan kechirish, eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan holatlar, ayblanuvchini harakatlarini malakalash, xizmatlar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borildi.

Shuningdek, Andijon viloyati IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik X.Abduraxmonov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, profilaktika inspektorlari tomonidan maʼmuriy bayonnomalarni rasmiylashtirish, ishni “soatbay” tashkil qilish, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan ishlash, jinoyatchilikni oldini olish borasida "Xonadonbay" va “Fuqarobay” usulda ish tashkil qilish, shuningdek, jinoyat muhokamalarini tashkillashtirish masalalari bo‘yicha ham o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Savol-javob tarzida bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotlarda tergovchilar va profilaktika inspektorlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalarga atroflicha javoblar oldilar

Bu kabi o‘quv mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi shahar-tumanlarda davom ettirilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech