8 Avgust 2023 yil 446

Firibgarlik yo‘li bilan 25 million so‘mga yaqin pullarni ehson sifatida o‘zlashtirgan fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1994-yilda tug‘ilgan T.I. (ayol),2022-yilning sentyabr oyida internet ijtimoiy tarmog‘ining “Telegramm” messenjeri orqali profil ochib, boshqa birovning voyaga yetmagan qizining kasal holatdagi suratini joylagan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi turli guruhlarga ushbu suratdagi qiz, farzandi ekanligini hamda kasalligi va yordamga muhtojligi haqida yolg‘on maʼlumotlar tarqatgan.

Natijada T.I, onasi nomiga ochilgan bank plastik karta raqamini “Telegramm” ga joylab, fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan  25 million so‘mga yaqin pullarni ehson sifatida o‘zlashtirishga erishgan. Andijon viloyati IIB TQX kiberxavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari natijasida qo‘lga kiritilgan pullarni firibgar ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilganligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Andijon shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech