21 Iyul 2023 yil 1062

Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish bo‘yicha tanlov eʼlon qilinadi

Tanlov tadbirlari O‘zbekiston Respublikasining «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil15 apreldagi PQ-5076-son qaroriga muvofiq tasdiqlangan Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining kasbiy tayyorgarlik fakultetiga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida o‘tkaziladi.

Nomzodlarga qo‘yilgan talablar:

- O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lishi;

- Yashash manzili bo‘yicha Andijon viloyatida doimiy ro‘yxatda turishi;

- Yoshi 18 yoshdan kichik, 30 yoshdan katta bo‘lmagan bo‘lishi;

- Erkaklar uchun bo‘yi 165 santimetrdan, ayollar uchun 160 santimetrdan past bo‘lmasligi (bo‘y parametrlari ayrim mutaxassisliklar uchun alohida belgilangan);

- Muddatli yoki safarbarlik chaqiruv rezervidagi harbiy xizmatni o‘tagan bo‘lishi (erkaklar uchun);

- Oliy maʼlumotga ega bo‘lgan fuqarolar hamda ichki ishlar organlarining xodimlari va harbiy xizmatchilari qabul qilinadi.

Malaka oshirish institutining kasbiy tayyorgarlik fakultetida 2023 yilda Andijon viloyati ichki ishlar organlari uchun quyidagi mutaxassisliklar tayyorlanadi:

- Yo‘l-patrul faoliyati (bo‘yi 175 / 170);

- Pasport tizimini taʼminlash faoliyati (bo‘yi 165 / 160);

- Jamoat tartibini saqlash faoliyati (bo‘yi 170 / 165).

- Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati (bo‘yi 165 / 160);

Kasbiy tayyorgarlik fakultetiga kirish istagida bo‘lgan fuqarolar quyidagi hujjatlari bilan kelishlari so‘raladi:

- biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi doimiy yashash manzili bilan;

- harbiy guvohnoma;

- oliy maʼlumotni tasdiqlovchi diplom;

- qarindoshlarning (ota-ona, er-xotin, farzandlar, aka-uka, opa-singil, shuningdek turmush o‘rtog‘ining ota-ona, aka-uka, opa-singil) biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi;

- o‘qish va ish (agar o‘qiyotgan yoki ishlayotgan bo‘lsa) joyidan tavsifnoma;

- fuqaro tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimai hol;

- anketa-maʼlumotnoma;

- belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida maʼlumotnoma (bo‘yining balandligi bo‘yicha antropometrik parametri ko‘rsatilgan holda).

Fakultetda o‘qish istagida bo‘lgan fuqarolar joriy yilning 15 avgust  kuniga qadar (soat 09:00 dan 18:00 gacha) doimiy yashash manzili bo‘yicha hududiy ichki ishlar bo‘limlariga murojaat etishlari so‘raladi.

Eslatma: belgilangan kunlardan oldin yoki keyin murojaat etgan fuqarolar nomzodlar ro‘yxatiga kiritilmaydi.

 

Andijon viloyati IIB Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati

 

Text to speech