Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Anjanli moshinafurush firibgar Xushnud haqida...” sarlavhali xabar yuzasidan rasmiy maʼlumot
Joriy yilning 31-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Anjanli moshinafurush firibgar Xushnud haqida...” sarlavhali xabar tarqaldi. Mazkur xabar yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Maʼlum bo‘lishicha, 2020-yilning avgust oyida fuqaro M.X. fuqaro K.S bilan unga tegishli "Damas" rusumli avtomashinasini har oyiga 1.500.000 so‘mdan ijara berishga kelishib, ushbu transport vositasini E.T.ga 4000 AQSH dollariga sotib yuborgan. Bundan tashqari, M.X. fuqaro A.A.dan 2021-yilning aprel oyida “Neksiya-3” rusumli avtomobilini olib, uni fuqaro Yu.S.ga pullagan.
Mazkur holat yuzasidan 2021-yil 2-noyabr kuni Andijon tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan.
2021-yilning 10-dekabr kuni M.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a" va "b” bandlari bilan sirtdan ayblov eʼlon qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan holda qidiruv eʼlon qilingan. Hozirda qidiruv tadbirlari olib borilmoqda. Jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan albatta jazoning muqarrarligi taʼminlanadi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati