23 Mart 2022 yil 925

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “Ichki ishlardagi “qing‘ir” ishlar” sarlavhali xabar yuzasidan  

Joriy yilning 21-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda  “Ichki ishlardagi “qing‘ir” ishlar” sarlavhali xabar tarqaldi.

Mazkur xabar yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlar olib borildi.

Aniqlanishicha, fuqaro M.M. o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan M.R.ga fuqarolarni Janubiy Koreya davlatiga o‘qishga va ishga yuborish bilan shug‘ullanayotganligini aytib, uni aldab, 2021 yil yanvar oyida 80.000 AQSH dollari pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, fuqaro M.M. 2021 yil aprel oyida tanishi T.I.ga Andijon shaharda joylashgan kafeni sotib olganligini, kelgusida ushbu kafeni taʼmirlab, turk taomlari pishirib sotishga mo‘ljallangan restoran ochishligini aytib, undan 25.000 AQSH dollari pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro M.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va unga nisbatan yuqoridagi modda bilan sirtdan ayblov eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va qidiruv eʼlon qilingan.

Ushbu jinoyat ishi va dastlabki tergov harakatlari yuzasidan maʼlumot kerak bo‘lgan taqdirda Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasiga murojaat qilishingiz mumkin.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech