Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videomurojaat yuzasidan
Joriy yilning 21-mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Andijon viloyati Paxtaobod tuman xokimi o‘rinbosari Dilnavo Xojimatovaning O‘g‘li va uning o‘rtoqlari tomonidan murojaatchining voyaga yetmagan 13 yoshli qizini nomusiga tekkanligi aytilmoqda” sarlavhali videomurojaat tarqaldi.
Mazkur videomurojaat yuzasidan Andijon viloyati IIB masʼul xodimlari tomonidan o‘rganish ishlar olib borildi.
Aniqlanishicha, mazkur holat yuzasidan Paxtaobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan 2021-yilning 11-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Surishtiruv harakatlari yakuniga ko‘ra, fuqarolar Sh.I va A.M.larga nisbatan 2021-yilning 29-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan ayblov eʼlon qilinib, “Munosib-xulq atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtaobod tumani sudining 2021-yilning 30-avgustdagi hukmiga ko‘ra Sh.I va A.M.lar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishi, fuqaro O.I.ning apellyatsiya shikoyati bo‘yicha 2021-yil 9-dekabrida Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi tomonidan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati