Ijtimoiy tarmoqlarda “Asakada pichoqbozlik?” sarlavhasi ostida joylangan videotasvir bo‘yicha rasmiy munosabat
2020 yilning 29 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Asakada pichoqbozlik?” sarlavhasi ostida videotasvir tarqaldi .Ushbu videotasvirga izoh sifatida bu holat Asakaning "Obi rohat" degan joyida sodir bo‘lganligi aytilib, tegishli tashkilotlarning ushbu holatga oydinlik kiritishlari so‘ralgan.
Mazkur holat Andijon viloyati IIB mas'ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi. Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yil 22 iyun kuni soat 10:00 larda fuqaro N.S Asaka tumani Beruniy MFY hududida joylashgan “Sulton Saroy” kafesi oldida tanishi O.D.ga o‘ziga tanish bo‘lgan bir qizga nima uchun qo‘ng‘iroq qilganligini so‘rab, u bilan o‘zaro janjallashgan. Janjal vaqtida N.S yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan O.D.ning o‘ng orqa ko‘krak sohasiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat 22.06.2020 yilda Asaka tumani IIBning navbatchilik qismidagi jinoyat haqidagi hodisa va xabarlarni ro‘yxatdan o‘tkazish 2-Shakl jurnalidan 422-raqam bilan qayd etilib, hodisa joyiga tuman IIB tergov-tezkor guruhi a'zolari chiqishib,voqea joyi ko‘zdan kechirilgan.
Ushbu holat yuzasidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida 22.06.2020 yilda fuqaro N.S.dan D.Odiljonovga tan jarohati yetkazgan bir dona xo‘jalik pichog‘i hamda O.D.ni hodisa vaqtida egnida bo‘lgan ustki kiyimlari xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqarolar N.S va O.D.dan tushuntirish xatlari olinib, 23.06.2020 yilda fuqaro O.D.ni olgan tan jarohatini og‘irlik darajasini aniqlash uchun sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Shuningdek, to‘plangan tergovga qadar tekshiruv materiallari bo‘yicha sudga oid tibbiy-kriminalistika va sudga oid biologiya ekspertizalari tayinlangan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati