Joriy yilning 7-9 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan Andijon viloyatida sayyor qabullar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining 2020 yil 2 iyul kungi topshirig‘iga asosan joriy yilning 7-9 iyul kunlari Respublika markaziy muassasalari, xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari, idoralar, vazirliklar, shu jumladan, Ichki ishlar vazirligi mas'ul xodimlari tomonidan aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, eng ko‘p murojaatlar kelib tushayotgan sohalar bo‘yicha muammolarni tezkor hal etish maqsadida, Andijon viloyatning Asaka, Qo‘rg‘ontepa, Izboskan va Bo‘ston tumanlarida karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda sayyor qabullar o‘tkazildi.
O‘tkazilgan qabullar jarayonida surishtiruv va tergov, ichki ishlar organlari xizmatiga kirish yoki ishga qayta tiklash, fuqarolik va pasport-viza, yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash, mol-mulk va boshqa buyumlarni olib qo‘yish yoki qaytarmaslik hamda ichki ishlar organlari faoliyatiga oid bo‘lmagan turli masalalarda 143 nafar fuqarolardan kelib tushgan jami 147 ta murojaatlarning barchasi ko‘rib chiqilib, ularning 74 tasi qanoatlantilidi. Ularning 30 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berish orqali ijobiy hal qilindi. Yana 15 ta murojaatlar bo‘yicha mualliflarga ularning masalalarini ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan tashkilotlar hamda ularga murojaat qilish tartibi tushuntirildi. Shuningdek, 28 ta murojaatlar ijroga olinib, ularning ko‘rib chiqilishi nazoratga olindi.
Xususan, Ulug‘nor tumani Ovulmat MFYda yashovchi D. Yusupov sayyor qabulning o‘zida Andijon viloyati IIB boshlig‘ining 47-son buyrug‘i bilan Ulug‘nor tumani IIB Yo‘l harakati xavfsizligi guruhi texnik xodimi lavozimiga ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilindi. Shuningdek uning harbiy xizmatga borish istagi joyida qanoatlantirildi va 4 mln. 776 ming moddiy ko‘mak berilib, navbatdagi chaqiriluvchilar ro‘yxatiga kiritildi.
Ichiki ishlar organlariga ishga kirish istagini bildirib, murojaat qilgan Marhamat tumani Shomat MFYda yashovchi Sh.Sotvoldiev, Qo‘rg‘ontepa tumani Tadbirkor MFYda yashovchi S.Xo‘jamberdiev, Jalaquduq tumani Yorqishloq MFYda yashovchi A.Nurmamatov, Ho‘jaobod tumani So‘qaloq MFYda yashovchi J.Soipovning hujjatlari qabul qilinib, ular nomzodlar ro‘yxatiga olindi.
Fuqarolar M.Nurmatov, Sh.Nazarov, J.G‘aniev va boshqa yana 17 nafar ichki ishlar organlari xizmatiga kirish istagini bildirgan nomzodlar ichki ishlar organlari xizmatiga qabul qilish bo‘yicha buyruq loyihasi tayyorlandi.
Qo‘rg‘ontepa tumani Navnihol MFY raisi E.Islomovning murojaatiga asosan, shu kunning o‘zida Navnihol MFY Jahon ko‘chasidagi kengligi 4 metr bo‘lgan 642 metr yo‘lga 25 ta “KAMAZ” yuk mashinasida keltirilgan shag‘al tashlanib, ushbu ko‘cha shag‘allashtirildi.
Fuqaro O.Xusanov va T.Boboevlarning yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash masalasidagi murojaati ijroga olinib, ularning mahallasi, ya'ni Asaka tumani Qoratepa MFY hamda Oltinko‘l tumani Uyshin MFYga svetofor o‘rnatish ishlari boshlandi.
23 nafar fuqarolarning biometrik pasport olish haqida qilgan murojaatlariga asosan ularga yangi biometrik pasportlari, shuningdek A.Bozorboevga fuqarolik berilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti tantanali ravishda topshirildi.
Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh viloyati Karusuu tumani O‘ttizadir MFYda yashovchi, O‘zbekiston Respublikasi Qo‘rg‘ontepa tumaniga mehmon sifatida kelgan G.Sayburxanovaning yordam so‘rab qilgan murojaati joyida qanoatlantirildi va u tuman markaziy shifoxonasining ichki kasalliklar bo‘limiga yotkizilib, dori-darmonlar bilan ta'minlandi.
Izboskan tumani “Chuvama muruvvat uyi” direktori M.Toshtemirova, Izboskan tumani IIB boshlig‘ining bevosita ko‘magi bilan muruvvat uyidagi 100 nafar tarbiyalanuvchilarga biometrik pasport berilishida katta yordam berilganligi sababli Vazirlik rahbariyatiga rahmatnoma berdi.
O‘tkazilayotgan sayyor uchrashuvlari aholi muammolarining samarali yechim topishida muhim ahamiyat kasb etayotgani bilan birga, xalqning davlatga bo‘lgan ishonchini yanada oshirmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati