29 Iyun 2020 yil 1057

Oltinko‘l tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi  

Oltinko‘l tumani Uyshin MFYda viloyat prokuraturasi va viloyat IIB rahbariyati tashabbusi bilan tuman IIB,  jamoat tashkilotlari, mahalla faollari, keng jamoatchilik ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.

Kun tartibidagi asosiy masala, ya'ni 2020 yil 23 iyun' kuni tumanda sodir etilgan mudhish jinoyat, uning oqibatlari, jinoyatni kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holatlar atroflicha muhokama qilindi.

Sodir etilgan jinoyat tafsilotlariga ko‘ra, shu yilning 23 iyun' kuni  soat 09:30 larda  Uyshin MFYda yashovchi fuqaro N.J  birga yashovchi akasi X.Yu bilan arzimas masala yuzasidan gap tortishib, o‘zaro janjallashishgan. Janjal vaqtida X.Yu ukasi N.J.ni chelak bilan urib yuboradi. Bu holatdan keyin jaxl otiga mingan  N.J  oshxonada bo‘lgan xo‘jalik pichog‘ini olib chiqib,  akasining o‘ng ko‘krak qismiga bir marotaba pichoq uradi. Afsuski, X.Yu.ga shifoxonada ko‘rsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan u vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Oltinko‘l tumani prokuraturasi tomonidan  shu kunning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmokda.

Muhokama yig‘ilishida so‘zga chiqqanlar, ushbu jinoyatning sodir etilishiga asosan mas'ul xodimlarning befarqligi sabab bo‘lganligiga urg‘u  qaratishdi. Atrof-muhitga loqayd va beparvo munosabat tufayli shunday mudhish jinoyatlar sodir etilayotganligi o‘kinch bilan tilga olindi. Shuningdek, kichik nizolarga va o‘zaro tortishuvlarga guvoh bo‘layotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan  o‘sha xududda xizmat olib borayotgan profilaktika inpektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda so‘z yuritildi.

Bundan tashqari, har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir bo‘lishini tomashabin bo‘lib kuzatib turishi emas, balki uni oldini olishga chin dildan harakat qilishi shartligi, o‘zining ogohligi va hushyorligi bilan mas'ul ekanligi ta'kidlab o‘tildi.

Muhokama yakunida  mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila a'zolari, qarindosh urug‘lari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech