Ulugʻnor tumanida bugʻdoy oʻrniga qum sotgan firibgarlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi
Joriy yilning 28-aprel kuni soat 19:30larda fuqarolar X.Sh, O.X, M.O, hamda X.Shlar oʻzganing mulkini qoʻlga kiritish maqsadida Telegram messenjeri orqali Qashqadaryo viloyati fuqarosi Gʻ.Sning ishonchiga kirishib unga bugʻdoy sotish bilan shugʻullanishlarini aytishadi va uning har bir kilogrammini 4 330 soʻmdan sotishga kelishadilar.
Shundan soʻng fuqaro Gʻ.Sning Qashqadaryo viloyatidan yuborgan yuk mashinasi haydovchisi S.Mni Ulugʻnor tumani oʻramidan oʻtgan Baliqchi-Ulugʻnor transport qatnov yoʻlida kutib olishib, haydovchini iftorlik qilib kelishini aytgan holda chalgʻitib olib ketishadi. Fursatdan foydalanib haydovchi qoldirgan yuk avtomobiliga bugʻdoy oʻrniga 8 tonna miqdoridagi qum mahsulotini ortishib S.Mdan 38 million 500 ming soʻm pul mablagʻlarini olishadi hamda mazkur pullarni oʻzlarining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborishadi.
Mazkur holat yuzasidan Ulugʻnor tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati