27 May 2025 yil 2014

Andijon viloyati IIB Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlar o‘rtasida qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Bugungi kunda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, mulkdorlarning shaxsiy va moddiy boyliklarini muhofaza qilish masalasi dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu jihatdan, qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanish nafaqat zarurat, balki hayotiy ehtiyojga aylanib boryapti.

Shundan kelib chiqib, Andijon viloyati IIB  Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari tomonidan aholi va tadbirkorlar o‘rtasida qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanishning afzalliklarini tushuntirish maqsadida muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.  

Bu galgi keng qamrovli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari Jalaquduq tumanining chekka hududlarida o‘tkazildi.

Tadbirlar doirasida Andijon viloyati IIB  Qo‘riqlash boshqarmasi hamda  Jalaquduq tumani ichki ishlar bo‘limi mas’ullari  tadbirkorlik subyektlari bilan uchrashib,  ular tomonidan xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, mulkiy jinoyatlarga chek qo‘yish, fuqarolarning mulklarini muhofaza qilish bo‘yicha amaliy taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, savdo obyektlarga “Tashvish tugmachalari” o‘rnatish hamda qo‘riqlovga olish tartibi, Qo‘riqlash xizmatlaridan foydalanishning afzalliklari, tezkor harakatlanuvchi guruhlar faoliyati va signalizatsiya vositalarining ishlash tartibi malakali mutaxassislar tomonidan tushuntirildi.

Tadbir yakunida  100 ga yaqin savdo obyektlarini qo‘riqqa topshirish istagini bildirgan tadbirkorlardan belgilangan tartibda arizalar qabul qilindi.

Qo‘riqlash xizmati — bu nafaqat mulk muhofazasi, balki tinch va osuda hayot kafolati hamdir. Shu sababli, har bir fuqaro va tadbirkor qo‘riqlash xizmatlari bilan hamkorlik qilish orqali o‘z xavfsizligini ta’minlashi maqsadga muvofiqdir. Hozirda bu kabi targ‘ibot va tashviqot ishlari joylarda davom ettirilmoqda.

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech