“Yana Andijon! Yashirin radarni aniqlagan fuqarolar IIB tazyig‘iga uchragani aytilmoqda”sarlavhasi ostida joylangan videomurojaat bo‘yicha rasmiy munosabat
2020 yilning 4 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Yana Andijon! Yashirin radarni aniqlagan fuqarolar IIB tazyig‘iga uchragani aytilmoqda” sarlavhasi ostida bir ayolning videomurojati bo‘yicha xabar tarqaldi.
Ushbu xabarda Andijon viloyati Asaka tumani IIB xodimlari homilador ayolni maqsadsiz ushlab turgani va bir necha kundan beri sarson qilayotgani haqida so‘z boradi. Mazkur holat Andijon viloyati IIBning mas'ul xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.
Ma'lum bo‘lishicha, 2020 yilning 02 iyul kuni soat 17:00 larda fuqaro X.M “Malibu” rusumli avtomashinasini boshqarib, Asaka tumani Sho‘rqishloq mahallasi xududidan o‘tgan “Andijon-Toshkent” transport qatnov yo‘lida “Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotib, transport qatnov yo‘lini “Andijon” yo‘nalishi bo‘yicha yo‘l chetiga xizmatda foydalanish uchun qo‘yilgan viloyat IIB YHXBga tegishli bo‘lgan “Autocon-SS/M” rusumli ko‘chma fotoradar qurilmasini ko‘rib qolgan. Fuqaro ushbu fotoradar qurilmasi oldiga to‘xtagan va avtomashina oldi yo‘lovchi o‘rindig‘ida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i X.J bilan birga avtomashinasidan tushishib, o‘zboshimchalik bilan fotoradar qurilmasini turgan joyidan olishib, o‘zlarining boshqaruvidagi avtomashina orqa yukxonasiga yuklashgan. Ushbu qurilmani olib ketishayotgan vaqtida viloyat YHXB xodimlari tomonidan to‘xtatilib, fuqaro X.M.ning boshqaruvida bo‘lgan “Malibu” rusumli avtomashina yuk xonasidan bir dona “Autocon-SS/M” rusumli ko‘chma fotoradar xolislar ishtirokida bayonnoma orqali olingan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB YHXB YPXO 3-safarbarlik guruhi YPX inspektori B.Karimovning Asaka tumani IIB boshlig‘i nomiga yozgan bildirgisi tuman IIBning Navbatchilik qismidagi jinoyat haqidagi hodisa va xabarlarni ro‘yxatga olish 2-Shakl jurnalidan 02.07.2020 yil kuni 451-raqam bilan qayd etilib, hodisa joyiga tergov-tezkor guruhi tomonidan chiqilgan va hodisa joyi ko‘zdan kechirilib, tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Ushbu holat bo‘yicha fuqarolar X.M va X.J.lar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, X.J spirtli ichimlikdan mast holda ekanligi aniqlangan hamda “Malibu” rusumli avtomashinasi belgilangan tartibda dalolatnoma asosida Asaka tumani IIB YHXB jarima maydoniga vaqtincha saqlab turishlik uchun olib kirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati