2022 yilning 1 yanvaridan ID-karta va xorijga chiqish biometrik pasportini Davlat xizmatlari markazlari orqali ham olish mumkin bo‘ladi
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 24 iyul kuni imzolangan “Davlat xizmatlari ko‘rsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonga ko‘ra, 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab ID-karta va xorijga chiqish pasportini nafaqat tuman (shahar) IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari bilan balki Davlat xizmatlari markazlari orqali ham olishlari mumkin.
Shu munosabat bilan Andijon shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumida Davlat xizmatlari agentligi hamda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish viloyat boshqarmalari hamkorlikda o‘quv seminar o‘tkazdi.
Unda tuman, shahar IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari hamda Davlat xizmatlari markazlari xodimlari ishtirok etishdi.
Seminarda Prezident farmoni mazmun mohiyati,ID-kartasini hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tartiblari bo‘yicha tushunchalar berildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga malakali mutaxassislardan javob oldilar.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati