"30 iyun-Yoshlar kuni" munosabati bilan Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida IIV faxriysi general-mayor T.S.Murodxodjayev ishtirokida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
"30 iyun-Yoshlar kuni" munosabati bilan Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi viloyat musiqali drama teatrida O‘zbekiston Respublikasi IIV faxriysi, ko‘p yillar davomida Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimida samarali xizmat olib borgan general-mayor Murodxodjayev Telman Salohiddinovich ishtirokida uch avlod uchrashuvi o‘tkazildi.
Tadbirda ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar, IIV Andijon Akademik litseyi o‘quvchilari, barcha shahar va tuman ichki ishlar bo‘limlari faxriylar kengashi raislari va uzoq yillar shu sohada samarali xizmat qilgan faxriylar ishtirok etdi.
O‘tkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirni Andijon viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik A.T.Raxmanov kirish so‘zi bilan ochib, xalqimiz uchun muqaddas va bebaho bo‘lgan tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda ko‘pni ko‘rgan insonlar, keksa avlod vakillarining ustozlarcha maslahat va yo‘l-yo‘riqlari g‘oyat muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab o‘tdi. Shundan so‘ng,O‘zbekiston Respublikasi IIV faxriysi general-mayor Murodxodjayev Telman Salohiddinovich o‘zining xizmat va hayot tajribalari bilan yaqindan o‘rtoqlashdi. Tadbirda O‘zbekiston Xalq artisti Erkin Komilov ham ishtirok etib yosh xodimlar va keksa avlod vakillari bilan dildan suhbat qurdi. Ularni qiziqtirgan savollariga atroflicha javoblar qaytardi. O‘tkazilgan tadbir yakunida bir guruh faxriylar va akademik litsey o‘quvchilariga tashakkurnomalar, Andijon viloyati ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan 22 nafar yosh xodimlarga esa moddiy yordam pullari tantanali ravishda topshirildi.
Bir so‘z bilan aytganda bo‘lib o‘tgan uch avlod uchrashuvi barchada ulkan taassurotlar qoldirdi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati