Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlar muammolarni o'rganish va bartaraf etishga qaratilgan
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning "bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o'ylab yashash – odamiylikning oliy mezonidir", degan ezgu fikrlari bugun har bir rahbar faoliyatining asosiy qoidasiga aylangan.
Hozirgi kunda joylarda odamlar bilan ochiq muloqot qilish va fuqarolarning murojaatlarini o'rganish jarayonida, avvalo, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etish, ariza va shikoyatlarni qisqa muddatlarda ko'rib chiqib, qonuniy qaror qabul qilinishini ta'minlashga alohida e'tibor berilmoqda.
Chekka qishloq va ovullardagi mavjud dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish maqsadida ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov Farg'ona viloyatida sayyor qabul o'tkazib, odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qildi.
Sayyor qabul davomida viloyatda istiqomat qiluvchi fuqarolar tomonidan ichki ishlar organlarining tergov faoliyati, migrasiya va fuqarolikni rasmiylashtirish masalalari, jazoni ijro etish tizimiga oid muammolar, shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati xodimlarining kundalik xizmat faoliyati hamda ichki ishlar organlariga ishga kirish bilan bilan bog'liq masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Mas'ul xodimlar tomonidan bir qator fuqarolarning murojaatlarida ko'tarilgan masalalar yuzasidan huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan 38 nafar fuqaro qabul qilinib, qo'shimcha vaqt talab etilgani bois 26 ta murojaatni o'rganib chiqish bo'yicha aniq muddat va mas'ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi. 12 nafar fuqaroning ariza-shikoyatlarida ko'tarilgan masalalar yuzasidan shu erning o'zida ijobiy qaror qabul qilindi.
Sayyor qabul davomida Prezidentimiz farmoniga asosan O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 6 nafar shaxsga fuqarolik pasportlari tantanali ravishda topshirildi.
– Bugungi sayyor qabulda uzoq yillik orzuim amalga oshdi, – deydi Farg'ona shahrida yashovchi fuqaro Zulfiya Egamova. – O'zbekiston Respublikasi fuqarolik pasportini qo'limga olganimda, quvonchdan yig'lab yubordim. Bir umr yurtimizga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilib, farzandlarimni ham vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga va'da beraman, - deya qo'shimcha qildi.
Hududdagi "Dehqonobod" va "Elobod" mahalla fuqarolar yig'inlari aholisi bilan uchrashuvlar o'tkazilib, bildirilgan muammolar o'rganildi. Hudud aholisining ehtiyojini inobatga olgan holda, 30 tonna ko'mir etkazib berilib, 160 dona suyultirilgan gaz balloni tarqatildi. Elobod va Dehqonobod mahallalaridagi ichki yo'llar tosh-shag'al bilan qoplandi.
Tashrif davomida Asaka tumanining "yuqori bo'z" mahalla fuqarolar yig'inida joylashgan Navbahor, tinchlik, Oqbosh, Yoshlik ko'chalarida yashovchi bir guruh fuqarolar bilan suhbat o'tkazilib, ularning muammolari o'rganildi.
Uchrashuv natijasiga ko'ra, mazkur hududdagi ko'chalarga tosh-shag'al yotqizildi, ehtiyojmand oilalarga 7450 kilogramm ko'mir tarqatildi, moddiy yordam tariqasida oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.
Bir so'z bilan aytganda, ichki ishlar vazirining Farg'ona va Andijon viloyatlarida aholi bilan o'tkazgan yuzma-yuz muloqotlari davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan xalqparvar siyosatning amaldagi isboti bo'ldi.
Andijon viloyati IIB axborot xizmati