Andijon davlat pedagogika institutida "Terrorizmga qarshi kurashishda yoshlarning o‘rni" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi
2023-yil 2-may kuni Andijon davlat pedagogika institutida yoshlar orasida ekstremizm va terrorizm g‘oyalari tarqalishining oldini olish maqsadida "Terrorizmga qarshi kurashishda yoshlarning o‘rni" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Davra suhbatida Andijon viloyati IIB Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi Mafkuraviy targ‘ibot bo‘limi yetakchi mutaxassisi S.Ismoilov, institut birinchi prorektori M.Parpiyev, profilaktika inspektori B.Qodirov, Andijon shahar “Uyg‘ur” jome masjidi Imom-xatibi A.Artiqov va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Unda so‘zga chiqqanlar ayollar huquqlarini himoya qilish hamda ularning ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishdagi rolini kuchaytirish, uzoq muddat xorijda bo‘lgan fuqarolarni ekstremizm va terrorizm g‘oyalari taʼsiridan himoya qilish, internet jahon axborot tarmog‘idan ekstremistik va terrorchilik maqsadlarida foydalanishga qarshi kurashish, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarini ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga keng jalb qilish masalalariga to‘xtalib, unga qarshi kurashishda barcha, ayniqsa, yoshlar faol bo‘lishi lozimligi tushuntirildi.
Shuningdek, bugungi kunda yoshlarning diniy ekstremizm yot g‘oyalari taʼsiriga tushib qolishiga sabab bo‘layotgan asosiy omillar tub ildizigacha tahlil qilinib, ularning achchiq qismati aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.
Uchrashuvda ishtirok etganlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan atroflicha javoblar olishdi.
Hozirda bu kabi targ‘ibot ishlari davom ettirilmoqda.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati