15 Aprel 2022 yil 589

Andijon tumanida payshanba “Profilaktika kuni” munosabati bilan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi

Haftaning payshanba kuni huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni. Nafaqat bu kunda balki, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish har lahzada hushyorlikni talab etadi. Erta tongdan Andijon tumani ichki ishlar tizimining sohaviy xizmat xodimlari hamda hamkor tashkilotlar vakillari profilaktika kunini namunali o‘tkazish maqsadida barcha o‘ziga berilgan vazifalarni amalga oshirish uchun xizmatni boshlashdi.

Tadbir davomida Andijon tumani IIB boshlig‘i tashabbusi bilan huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan, muqaddam sudlangan va Probatsiya hisobida turuvchi shaxslarning bandligini taʼminlash maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil qilindi. O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida ularning 14 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi.

Shuningdek, Andijon tumani Sanoat mahallasida yashovchi 2 nafar kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, ushbu mahallada istiqomat qiluvchi yana 2 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayolga  tibbiy muolajalar ko‘rsatilib, kerakli dori darmonlar yetkazib berildi.

Sanoat mahallasida joylashgan 33-umumiy o‘rta taʼlim maktabining yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi. Unda giyohvandlikning ayanchli oqibatlari aks ettirilgan taʼsirchan videorolik namoyish qilinib,o‘quvchilar ogohlikka chaqirildi.  

Haydovchilar va keng jamoatchilik vakillari bilan sodir etilishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan muhokama yig‘ilishlari ham o‘tkazilib, bir soniyaga hushyorlikni yo‘qotish qanday ko‘ngilsiz holatlarga olib kelganligi hayotiy misollar orqali tushuntirildi. 

Bundan tashqari, tadbirlar davomida 2 nafar ayollarga himoya orderlari berilib, yana 2 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ayol doimiy ish joyiga ega bo‘ldi.

Sultonobod mahallasida joylashgan “Kuygan-yor dehqon bozori” hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish yuzasidan targ‘ibot va tashviqot ishlari ham olib borilib, fuqarolar hushyorlik va ogohlikka chaqirildi.

“Profilaktika kuni” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishdir. Bu kabi profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

 

Text to speech