Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasida “Taʼlim va axborot texnologiyalari sohasi istiqboli" mavzusida navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 25-fevral kuni Andijon viloyati IIBda boshqarma shaxsiy apparati uchun navbatdagi “Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi o‘tkazildi.
Dastlab, “Taʼlim va axborot texnologiyalari sohasi istiqboli” mavzusida Andijon davlat universiteti, axborot texnologiyalari kafedrasi mudiri O‘rinov Nodirbek Toxirjonovichning maʼruzasi tinglandi.
Unda bugungi kunda axborot texnologiyalari imkoniyatidan keng foydalanish, sohani raqamlashtirish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolayotganligi taʼkidlandi.
Xususan, avvallari ota-ona farzandini maktabgacha taʼlim tashkilotiga joylashtirish uchun ko‘plab ovoragarchiliklarga duch kelgan bo‘lsa, bugun bola elektron ro‘yxatga olinayotganligi, yaqin kunlarda umumiy o‘rta maʼlumot to‘g‘risidagi shahodatnomalarning ham elektron shaklda berilishi, yaʼni 9 va 11-sinf bitiruvchilari shahodatnomani elektron platformadan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi maʼlumotlarni kiritish orqali bepul yuklab olishlari yuzasidan ham batafsil maʼlumotlar berilib, bularning hammasi taʼlim sohasiga joriy etilayotgan axborot texnologiyalari samarasi ekanligi eʼtirof etildi.
Shuningdek, ichki ishlar tizimiga joriy etilayotgan Axborot texnologiyalari bo‘yicha ham atroflicha suhbat olib borilib, sohani raqamlashtirish borasidagi yutuq va kamchiliklar o‘rtaga tashlandi. Xodimlarning qiziqtirgan savollariga mutaxassis tomonidan javoblar berildi.
Bundan tashqari, xodimlarning xizmat intizomi va qonunchilikka rioya qilishlari bo‘yicha ham atroflicha so‘z yuritilib, Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlariga pora berishga uringan shaxslarning qo‘lga olinganli tafsilotlariga bag‘ishlangan videolavha shaxsiy tarkib eʼtiboriga havola qilindi.
“Maʼnaviyat va maʼrifat” darsi so‘ngida “O‘zbekiston-24” telekanali orqali efirga uzatilgan “Tahlilnoma” ko‘rsatuvi ham shaxsiy tarkib eʼtiboriga namoyish etildi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati