11 Aprel 2022 yil 363

Andijon viloyati ichki ishlar organlarining malakali xodimlari tomonidan viloyatdagi 767 ta maktablarda o‘quvchilar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish hamda ularni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha profilaktik ishlar olib borilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022 - 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmoni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida 2022 yil 28 yanvar kuni “Maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari” bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari ijrosini taʼminlash maqsadida Andijon viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Andijon viloyati IIB rahbariyatining tashabbusi bilan umumtaʼlim maktablarida huquqbuzarliklar va jinoyatlar profilaktikasini taʼminlash, voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, mafkuraviy xurujlarga qarshi milliy g‘oya asosida birgalikda kurashish kabi ezgu maqsadlar hamda maktab o‘quvchilarini Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, qo‘shimcha fan, sanʼat to‘garaklari va sport tadbirlarini tashkil etish maqsadida viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi bilan “O‘zaro hamkorlik Memorandumi” imzolandi.

Shu bilan birga, viloyat IIB hamda shahar-tuman IIBlarida xizmat olib borayotgan malakali ofitser xodimlar viloyatdagi 767 ta maktablarga biriktirilib, ular tomonidan har haftada taʼlim muassasalarida o‘quvchilar bilan pedagogik jamoa hamkorligida “Mening maktabimda jinoyat bo‘lmasligi kerak”, “Yurt posboni”, “Kelajak - yoshlar qo‘lida”, “Giyoxvandlik - asr vabosi”, “Biz terrorizmga qarshimiz” kabi mavzularda jinoyat va huquqbuzarliklarni oldini olish, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha davra suhbatlari hamda profilaktik-ogohlantiruv tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

Shuningdek, taʼlim muassasalarida “Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda” tamoyili asosida voyaga yetmaganlar ishtirokidagi yo‘l-trnansport hodisalarini oldini olish, o‘quvchilarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim va saviyalarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quv-ko‘rgazmali mashg‘ulotlar ham tashkil qilinmoqda.

Hozirda bu kabi profilaktik tadbirlarning o‘tkazilishi davom ettirilmoqda.

 

Andijon viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech