Andijon viloyati ichki ishlar organlarining navbatchilik qismi hamda “102” tizimi xodimlari uchun hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Joriy yilning 1-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIVning tegishli koʻrsatmalari ijrosini taʼminlash hamda shu yilning 1-yarim yilligi davomida navbatchilik qismi xodimlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar muhokamasi, ularni nazariy bilim saviyasi va amaliy koʻnikmalarini oshirish maqsadida joylardagi navbatchilik qismi xodimlari oʻrtasida oʻquv seminari oʻtkazildi.
Ushbu oʻquv seminarda Andijon viloyati IIB, YHXB, JTSB, Transportda XTB, Andijon shahar boʻyicha IIOFMB, 15 ta shahar va tuman IIBlari navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchi va navbatchi yordamchilari hamda viloyat IIB “102” tizimi operatorlari xodimlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, oʻquv seminariga viloyat IIBning taalluqli xizmat sohalaridan malakali xodimlar taklif qilinib, ular tomonidan navbatchilik qismi xodimlarining xizmat faoliyatida uchrayotgan muammolar va boshqa masalalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berildi.
Jumladan, viloyat IIB XSB masʼul xodimlari tomonidan maxsus rejalar harakatga keltirilganida navbatchilik qismi xodimlarining vazifalari nimadan iborat ekanligi tushuntirib oʻtildi.
Bundan tashqari, viloyat IIB EKB masʼul xodimlari tomonidan tezkor-tergov guruhlarini voqea joyiga yuborish, ular tomonidan ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni issiq izidan ochilishini taʼminlash maqsadida jinoyat sodir etilgan voqea joylarini qoʻriqlash, begona shaxslarni yaqinlashtirmaslik va shunga oʻxshash masalalarni nazorat qilish yuzasidan navbatchilik qismi xodimlarining vazifalari aytib oʻtildi.
Shuningdek, viloyat IIB Tashkiliy boshqarma rahbariyati tomonidan IIO maʼmuriy binolarida joylashgan «Soʻrovxonalar»ni navbatchilik qismi xodimlari tomonidan nazorat qilib borish, xodimlar tomonidan IIBga olib kelingan har bir fuqaro bilan ushbu «Soʻrovxona»da suhbatlashishlarini nazorat qilish, ularni ushbu xonada yuritilgan maxsus kitoblarga roʻyxatga olish hamda bu boradagi Oʻzbekiston Respublikasi IIVning koʻrsatmalari mazmun mohiyati tushuntirilib, navbatchilik qismi xodimlaridan “Kafolat xatlari” olindi.
Ichki ishlar organlarining “102” xizmati faoliyatini takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar mazmun mohiyati, ushbu buyruqda navbatchilik qismi xodimlariga yuklatilgan vazifalar oʻqib eshittirildi hamda konspektlashtirilishi taʼminlandi.
Yigʻilish soʻngida, navbatchilik qismi xodimlari tomonidan joriy yilning 6 oyi mobaynida yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab olindi.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati